U-16 o‘smir qizlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati saralashiga qur'a tashlandi
2017 yil bo‘lib o‘tadigan U-16 o‘smir qizlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati saralash bahslariga qur'a tashlandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston U-16 o‘smir qizlar terma jamoasi Osiyo Chempionati final bosqichi yo‘llanmasi uchun saralashning "D" guruhida Avstraliya, Vetnam, Gonkong, Falastin hamda Iroq o‘smirlar terma jamoalariga qarshi o‘ynaydi. Mazkur saralash guruhiga Vetnam mezbonlik qilishi rejalashtirilgan.
OFK taqvimiga ko‘ra, saralash bahslari 24 avgust – 4 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Ma'lumot uchun, to‘rtta saralash guruhi g‘oliblari kelasi yili bo‘lib o‘tadigan Osiyo Chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar. Avvalgi Osiyo Chempionatida kuchli to‘rtlikka kirgan terma jamoalar – KXDR, Yaponiya, Xitoy hamda Tailand terma jamoalari esa saralash bahslarisiz Osiyo Chempionati final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritganlar. Ta'kidlash joiz, Osiyo Chempionati final bosqichida 8ta terma jamoa ishtirok etadi.
U-17 o‘smir qizlar o‘rtasida OCh-2017 saralashi.
Qur'a natijalari:
"A" guruhi: Tailand (mezbon), Myanma, Iordaniya, Guam, Laos, Pokiston
"B" guruhi: Janubiya Koreya, Hindiston, Filippin, Malayziya, Shimoliya Mariana Orollari, Livan
"C" guruhi: Eron, Xitoy Taypeyi, Bangladesh (mezbon), BAA, Qirg‘iziston, Singapur.
"D" guruhi: O‘zbekiston, Avstraliya, Vetnam (mezbon), Gonkong, Falastin, Iroq.