O‘zbekiston | 17:47 / 20.05.2016
12042
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy koreyalik investorlar o‘zbek banklari hissasini xarid qiladi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2016 yil 16 mayida «Koreya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. 

Ushbu hujjatni qabul qilishdan ko‘zlangan bosh maqsad, istiqbolli investitsion loyihalarni o‘z vaqtida va samarali hayotga tatbiq etish hamda yetakchi koreys kompaniyalarini o‘zbek aksionerlik kompaniyalariga jalb etishni kengaytirishdir. 

Qarorda qayd etilishicha, joriy yil 27-29 aprel kunlari Seul shahrida bo‘lib o‘tgan o‘zbek-koreys biznes-forumida istiqbolli sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqish va Respublika aksionerlik jamiyatlaridagi davlat va xo‘jalik boshqarmalari ulushlarini Koreya sarmoyadorlariga sotish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. 

Xususan, forumda "O‘zsanoatqurilishbank" (63,6 mln dollar qiymatidagi 15 foiz aksiyalari), Asakabank (58 mln dollarlik 15 foiz aksiyasi) va Aloqabankning (42,7 mln dollar qiymatidagi 47,54 foizlik) qimmatbaho qog‘ozlarini Koreyaning yirik kompaniyalariga sotish bo‘yicha memorandum va protokollar imzolangan edi. 

Bundan tashqari, janubiy koreyalik sarmoyadorlar "Ravnaqbank"ning 0,5 mln dollarlik 15 foiz aksiyasini ham xarid qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish