07:20 / 21.05.2016
8552

Karlo Anchelotti Ronalduning o‘z ishiga munosabati va boshqa masalalar haqida so‘zlab berdi

"Bavariya" futbol jamoasining bo‘lg‘usi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Financial Times nashriga bergan intervyusida "Real" hujumchisi Krishtianu Ronalduning o‘z ishiga munosabati va Yevropa klublarining qanday tashkillashtirilgani hamda boshqa masalalar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Nemis tili haqida

Bu eng qiyin til. Fe'llar gaplarda ba'zida ikkinchi o‘rinda, so‘ngra yana oxirida keladi.

Angliya va Germaniya klublari haqida

"Men "Bavariya" bilan uncha ko‘p uchrashmaganman, biroq fikrimcha, bu bir oila. Klub rahbariyatida sobiq futbolchilar ishlaydi. Klub a'zolari "Bavariya"ning 70 foiziga ega.

Angliya esa boshqacha. Men "Chelsi"ga murabbiylik qilganimda, Sanderlendga o‘yinga bordik. Avtobus stadion yonigacha yetib bora olmadi. Stadion xavfsizlik xodimi "Bu oddiy holat, avtobusdan tushib, piyoda boringlar" dedi. Men esa "Yo‘q, bormayman" dedim. Chunki hammayoqda "Sanderlend" muxlislari bor edi.

Birozdan keyin biz piyoda ketishimizga to‘g‘ri keldi, biroq bu ajoyib edi. Ba'zi muxlislar biz bilan surtga tushishdi. Angliyada meni hech qachon haqoratlashmagan.

Yangi iste'dodlarni qidirish haqida

Bu borada hech narsa ayta olmayman, yo‘qsa narxlar ko‘tariladi. Faqat Vengerga aytmang.

Ronalduning professionalligi haqida

Ronaldu Irina Sheyk uyda kutib o‘tirganiga qaramasdan, bazada tungi soat 3 gacha tiklanish uchun muzdek vannalar qabul qilishi mumkin edi. Uni pul qiziqtirmaydi. U shunchaki birinchi bo‘lishni istaydi.

Bosiq fe'l-atvori haqida

Menda bu bosiqlik oilam sababli. Mening otam bosiq bo‘lgan, u hech qachon baqirmagan, meni va onamni hech qachon urmagan. Har kuni g‘azablanish uchun sabab bor, biroq baxt ishda, o‘yinchilar, xodimlar bilan muloqotda.

Printsiplari haqida

Meni gazetalarda nima yozishlari qiziqtirmaydi. Shunday onlar borki, ong bilan ish tutish kerak, yana shunday vaziyatlar borki, bunda kuchli bo‘lish lozim. Agar o‘yinchilar "Murabbiy, bizda og‘ir hafta bo‘ldi, maylimi yana bir soat ko‘proq uxlasak?" deyishsa, e'tirozim yo‘q. Bu me'yoriy holat.

Biroq bizda jamoa yig‘ilishi bo‘lganda, unga kechikmasdan kelish kerak. "Chelsi"da bizda yig‘ilish soat 10.30 bo‘lganda Drogba uni o‘tkazib yuborgan. U nima uchun kechikkanini, yo‘lda tiqilinchda qolib ketganmi yoki boshqa narsa bo‘lganmi, bilmayman, biroq u soat 11 da kelgani uchun o‘yinga tushirmaganman.

Top