Jahon | 18:22 / 22.05.2016
9535
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh generali IShID markazi Raqqaga hujum masalasini muhokama qilish uchun Suriyada bo‘ldi

AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlar qo‘mondoni general Jozef Votel Suriyaga tashrif buyurgan va terrorchilarning norasmiy poytaxti hisoblanadigan, Suriyadagi Raqqa shahriga hujum masalasini muhokama qilgan. Bu haqda AQSh prezidentining IShIDga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro koalitsiyadagi maxsus vakili Brett Makgerk bergan ma'lumotga asoslanib, AR xabar bergan.

Makgerk o‘z tvitterida general Votelning Raqqaga hujumni tayyorlash uchun Suriyada bo‘lgani haqida yozgan.

Ma'lum qilinishicha, Suriyadagi 11 soatlik safari vaqtida Votel amerikalik harbiy maslahatchilar hamda o‘z tarkibida arab va kurd jangchilarini jamlagan Suriya demokratik armiyasi vakillari bilan uchrashgan.

Qayd etish kerakki, general Votel AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarga qo‘shilgan 2014 yildan buyon Suriyaga kelgan eng yuqori martabali amerikalik amaldor bo‘ldi. Jozef Votel AQShning Yaqin Sharq, Sharqiy Afrika va Markaziy Osiyodagi amaliyotlarini rejalashtirish uchun mas'ul hisoblanadi.

Uchrashuvlardan keyin u mahalliy jangchilarning IShIDga qarshi kurashga tayyorgarlik ko‘rishi borasidagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani haqida qayd etgan.

"Men bizning jangchilarni tayyorlash bo‘yicha rejamiz ko‘ngildagidek ketayotganiga ishonch hosil qildim. Bu model yaxshi ishlagan", degan general.

27 fevral kuni Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh kuchga kirgandi. Bu sulh BMT tomonidan terrorchi tashkilotlar sifatida tan olingan tashkilotlar uchun qo‘llanmaydi.

Muxolifatdagi Suriya Demokratik armiyasi tarkibiga 25 ming nafar kurd jangchisi va 5 ming arab jangchisi kiradi. AQSh bu tuzilmada arab jangchilari miqdori oshishiga umid qiladi.

Ayni vaqtda Suriya hududida 200 nafar amerikalik harbiy maslahatchi mavjud.

Bundan oldinroq, AQSh prezidenti Barak Obama Hannoverdagi sammit chog‘ida Suriyadagi amerikalik maxsus bo‘linmalari jangchilari soni olti barobar ko‘payishini e'lon qilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish