Jahon | 08:35 / 22.05.2016
4264
2 daqiqa o‘qiladi

New York Times: Falokatga uchragan A320 samolyotida parvoz oldidan xavfsizlik choralari kuchaytirilgan bo‘lgan

19 mayda O‘rta Yer dengizi ustida halokatga uchragan, EgyptAir aviakompaniyasining A320 samolyoti bortida parvoz oldidan xavfsizlik choralari kuchaytirilgani ma'lum bo‘ldi. The New York Times nashrining ma'lum qilishicha, MS804 reysini xavfsizlik xizmatining 3 nafar xodimi kuzatib borgan, vaholanki laynerga odatda ikki nafar qo‘riqchi hamrohlik qiladi. Xavfsizlikning kuchaytirilishi nima bilan bog‘liq bo‘lganini nashr manbalari tushuntira olishmagan.

Bundan tashqari, nashr samolyotdagi mudhish yozuvning tafsilotlarini keltirib o‘tdi. Bu yozuv samolyot bortida bir necha yil avval paydo bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, bu "Musulmon birodarlar" ekstremistik guruhining tarafdorlari bo‘lgan Qohira aeroporti xodimlarining ishi bo‘lgan. Yozuvda "Biz bu samolyotni urib tushiramiz" deb aytilgan. Bu yozuv tushunarsiz sabablarga ko‘ra o‘chirib tashlanmagan.  

Samolyot 19 mayda erta tongda Parijdan Qohiraga ketayotganda radarlardan yo‘qolib qolgan. Samolyot bortida 66 kishi bo‘lgan. Samolyotning falokatga uchrashi sabablaridan biri sifatida terakt sodir etilgani qaralmoqda. Biroq layner bilan aslida nima bo‘lgani uning qora qutilari aniqlangandan keyin ma'lum bo‘ladi. Hozircha ular aniqlanmagan.

Samolyotning falokatga uchrashi bo‘yicha dastlabki hisobotni bir oydan keyin taqdim qilish rejalashtirilmoqda.