Jamiyat | 07:09 / 22.05.2016
6875
2 daqiqa o‘qiladi

Rio-de-Janeyroda bo‘lg‘usi Olimpiada ishtirokchilari qurollangan o‘smirlar hujumiga uchradilar

Olimpiada-2016’ga tayyorgarlik ko‘rayotgan, yelkanli sport bo‘yicha Ispaniya terma jamoasi a'zolari Rio-de-Janeyroda qurollangan o‘smirlar hujumiga uchradilar. Bu haqda 21 mayda Ispaniya yelkanli sporti federatsiyasida ma'lum qilindi.

Voqea 21 may kuni ertalab Santa-Tereza tumanida, Pekindagi Olimpiada chempioni Fernando Echavarri, jahon chempioni Tara Pacheko va ularning murabbiyi Santi Lopes-Velaskes nonushta qilgani ketayotganlarida yuz bergan.

Murabbiyning ma'lum qilishicha, ularning yoniga 5 nafar to‘pponcha bilan qurollangan o‘smirlar kelgan. Sportchilar yonlarida bo‘lgan barcha narsalarni jinoyatchilarga berib yuborishlariga to‘g‘ri kelgan. Hech kim jabrlanmagan, biroq murabbiyning ta'kidlashicha, bu "yoqimsiz tajriba" bo‘lgan.

Braziliya bir qator xalqaro musobaqalar, jumladan futbol bo‘yicha 2014 yilgi Jahon chempionati va 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish huquqini olgandan keyin, mamlakat rahbariyati jinoyatchilikka qarshi katta ko‘lamdagi dasturni boshlagan edi. 2008 yildan o‘tkazib kelinayotgan bu dastur doirasida Rio-de-Janeyro favellarida (aholining nochor qatlami yashaydigan xarobalar)  36 ta politsiya bo‘limi ochilgan.

Avvalroq sobiq jahon chempioni, mashhur braziyaliklik futbolchi Rivaldo o‘z yurtida Olimpiya o‘yinlariga muxlislarni tashrif buyurmaslikka chaqirgan edi. Rivaldo bu haqda 17 yoshli qiz jinoyatchilar tomonidan o‘ldirib ketilgandan keyin ijtimoiy tarmoqda yozgandi.

Rio-de-Janeyrodagi 4 yillikning asosiy sport musobaqasi 5-21 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish