Jahon | 12:52 / 22.05.2016
5625
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda fuqarolarning uchdan bir qismi ovoz berib bo‘ldi

Mahalliy vaqt bilan soat 9:00 (Toshkent vaqti bilan ham 9:00) holatiga ko‘ra, Tojikiston konstitutsiyasiga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumida 1 million 320 ming nafardan ortiq odam yoki 29,8 foiz fuqaro ishtirok etdi. Bu haqda saylov qo‘mitasi raisi Baxtiyor Xudoyorzoda so‘zlariga tayanib RIA Novosti xabar qildi

Konstitutsiyaga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar Emomali Rahmonga cheklanmagan holda qayta saylanish imkonini yaratadi, prezidentlikka nomzodlar yosh chegarasini 30 yoshgacha kamaytiradi hamda milliy va diniy mazmundagi partiyalar tashkil etilishi, shuningdek, partiyalarning xorijdan moliyalashtirilishini taqiqlaydi.

Referundum ishtirok etuvchilarning 50 foizidan ortig‘i (50 foiz plyus bitta ovoz) ovoz bergandagina haqiqiy hisoblanadi. 

Referendum bo‘lib o‘tgan kuni mamlakatda 3,24 ming saylov uchastkalari, 68 ta saylov okruglari, dunyoning 29ta davlatida 36ta xorij uchastkalari ochildi. Markaziy saylov qo‘mitasi tojik, o‘zbek, rus, qirg‘iz tillarida 4,3 millionta byulleten chop etdi. 

Referendum jarayonini MDH, MDH parlamentlararo assambleyasi va Shanxay hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Tojikiston diplomatik korpusi akkreditatsiyadan o‘tgan vakillaridan iborat 124 nafar kuzatuvchi monitoring qilmoqda. Turli mamlakatlardan 320 dan ortiq OAV vakillari referendumni yoritib boradi. 

1992 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Emomali Rahmon, amaldagi konstitutsiyaga binoan 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi. Biroq referendumda taqdim etilgan o‘zgarishlar unga hech bir to‘siqsiz o‘z nomzodini ilgari surish imkonini yaratadi. 

Tojikistonning asosiy qonuni 1994 yilning 6 noyabridagi referendumda qabul qilingan. Konstitutsiyaga ikki marta o‘zgarish kiritilgan. 1999 yili mamlakatda bir palatali parlament o‘rniga ikki palatali parlament tatbiq etilgan, 2003 yili prezidentlik vakolat muddati besh yildan yetti yilga uzaytirilgan.