Jahon | 20:25 / 22.05.2016
4622
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya hukmron partiyasining yangi rahbari prezidentlik boshqaruvi tizimini ma'qullamoqda

Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi va mamlakat bosh vaziri lavozimlariga nomzod Binoli Yildirim mamlakatning prezidentlik boshqaruvi tizimiga o‘tish fikrini bildirdi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.   

"Tunnellar, poyezdlar va yo‘llar – buning hammasi yaxshi. Biroq bizda bir kamchilik bor: bizga yangi konstitutsiya va prezidentlik tizimi lozim. Bizga bugun kerak bo‘lgan narsa – buni huquqiy maydonga keltirishdir", deb aytdi Yildirim o‘z chiqishida.

Adolat va taraqqiyot partiyasining navbatdan tashqari qurultoyi 22 may Anqarada bo‘lib o‘tmoqda. Yildirim yagona nomzod bo‘lgani sababli aynan shu qurultoyda partiyaning yangi raisi etib saylandi va mamlakatning yangi bosh vaziri bo‘ladi. 

Ayni vaqtda Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatni bosh vazir boshqaradi, prezident esa o‘zining barcha vakolatlariga qaramasdan, asosan marosimiy shaxs hisoblanadi. Biroq mamlakat muxolifatining fikricha, Erdo‘g‘an o‘z hokimiyatini kuchaytirishga intilishi doirasida prezidentlik tizimini kiritishni qo‘llab-quvvatlab keladi.