Sport | 19:55 / 22.05.2016
6224
2 daqiqa o‘qiladi

Van Basten futbolda ofsaydni bekor qilish va futbolchini vaqtni cho‘zganlik uchun chetlatish taklifini bildirdi

Niderlandiya terma jamaosining sobiq futbolchisi va bosh murabbiyi hisoblanmish Marko van Basten futbol qoidalariga kiritilishi kerak bo‘lgan o‘zgartirishlar haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Futbolda vaqtni cho‘zish harakatlari odatiy holga aylanib bormoqda. Bundan qutilish uchun qoidalarga o‘zgartirishlar kiritish zarur. Keling agar futbolchilar almashtirilayotganida o‘yin vaqtini cho‘zishga harakat qilishsa, ularga qizil kartochka ko‘rsataylik. O‘yin tempi bir maromda saqlanib qolishi kerak.

Futbol adolatli, haqqoniy va jozibador bo‘lib qolishi kerak. Futbolning rivoji uni olib kelgan bugungi ko‘rinishiga qarang. Zamonamiz futbolining handboldan farqi qolmayapti: 11 futbolchi o‘z jarima maydonchasiga qamalib, himoyalanish bilan band bo‘ladi.

Biz ofsayd qoidalaridan ham qutilishimiz mumkin. U o‘yinni qiyinlashtiradi va ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladi. Futbolchilar sun'iy ofsaydlar yaratishga odatlanib qolishgan.

Futbol o‘zgarib ketdi. 50 yil oldin futbolni ishtiyoq bilan, ko‘ngildan berilib o‘ynashgan, ammo bu katta mablag‘lar keltiradigan biznesga aylandi.

Umid qilamanki, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan 2018 yilgi jahon chempionatida videohakamlar bo‘ladi. Bu hakamlar hal qiluvchi vaziyatlarda yordam beradi – gollar, penaltilar va chetlatishlar», – deya van Bastenning so‘zlarini keltiradi Goal.com Algemeen Dagblad nashriga asoslanib.