Jamiyat | 16:59 / 23.05.2016
4537
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik biologlar "dorivor" kartoshka navini yaratishdi

AQSh molekulyar biolog va seleksionerlari foydali minerallar va vitaminlarga boy, kanserogenlardan xoli kartoshka navini yaratishdi. 

"Uning mag‘zi oq yoki sariq emas, balki qizil yoki binafsharangda", deb xabar qilmoqda Kolorado shtati universiteti matbuot xizmati. 

"Kartoshka po‘stlog‘i va mag‘zi, uning tarkibida nima borligini aks ettiradi, deyish mumkin. Misol uchun, qizil va binafsharang kartoshka tarkibida ko‘plab antioksidantlar bor", — deb izoh berishgan olimlar. 

Kolorado shtati universiteti olimi Devid Holm va uning hamkasblari ko‘p yillar mobaynida olib borgan izlanishlari natijasida, kartoshkaning shunday navini hosil qilishgan. Ularning tadqiqotlari natijasida, ildizmevaning mag‘zi qizil va binafsharang bo‘lgan navi olingan. 

Olimlarning uqdirishlaricha, bu kartoshkalar nafaqat antioksidantlar, balki S vitamini, foliy kislotasi, mikroelementlar, kaliy, temir, rux va boshqa turli xil fenolli birikmalarga boydir. Uning tarkibidagi antioksidantlar miqdori esa, anor tarkibidagi miqdorga deyarli teng keladi. 

Bundan tashqari, yangi kartoshka, uni qovurish yoki qaynatish chog‘ida hosil bo‘ladigan kanserogen moddalarga deyarli ega emas. 

Shu bilan birga, jonivorlarda o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, kartoshka qand kasaliga uchraganlarni ko‘z kataraktasidan himoya qiluvchi moddalarga ega.

Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.