Jamiyat | 19:15 / 23.05.2016
5428
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada 3 soat ichida 1400 bankomat o‘marib ketildi

Hozircha shaxsi aniqlanmagan 100dan ortiq jinoyatchilar, uch soatdan kam vaqt ichida, Yaponiyaning turli burchaklaridagi 1400ta bankomatlardan 1,4 mlrd iyena (13 mln AQSh dollari) miqdoridagi pulni o‘marishga muvaffaq bo‘lishgan. Ular JAR banklaridan o‘g‘irlangan ma'lumotlarga ega soxta kartochkalardan foydalangan, deb xabar qilmoqda «Kiodo» agentligi.

Moliyaviy jinoyat 15 may kuni tongda amalga oshirilgan. Politsiyaning taxminiga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida yuzdan ortiq kishi uyushgan jinoiy amaliyotda qatnashgan. Ular Tokioning kichik do‘konlari va mamlakatning 16ta prefekturasida pullarni yechib olgan. 

Umuman jami bo‘lib, taxminan 14 mingta tranzaksiya amalga oshirilgan. Ularning har birida eng maksimal summa, 100 ming iyena (907 dollar) olingan. Jinoyatchilar tanlagan bankomatlar Seven Bank bankiga tegishli ekani aytilmoqda. 

Tergov ishlariga aloqador manbaning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrika Respublikasi bankidan o‘g‘irlangan kredit kartochkasi ma'lumotlari soxta bank kartalariga yuklangan va ulardan pul yechib olingan. 

Yapon huquq-tartibot idoralari vakillarining aytishicha, firibgarlikka xalqaro jinoiy guruhning aloqasi bor.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish