Jahon | 16:32 / 23.05.2016
5856
3 daqiqa o‘qiladi

Dubayda barcha turar joylarga mehmonxona yulduzlari biriktiriladi

Dubay hukumati kommunal xo‘jalik sohasida nostandart qarorga kelishdi. Turar joylarning davlat standartlariga javob berishiga doir zerikarli tekshiruvlar natijasi odatda "kadr ortida" qoladi.

National gazetasining xabar berishicha, endilikda turar joylarning sifatiga baho berishda bir necha o‘n yillardan beri dunyo mehmonxona sanoatida qo‘llanib kelinayotgan "yulduzli tizimni" joriy qilib vaziyatni o‘zgartirish kerak.

Nashriyotning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, amirlikdagi ko‘p qavatli uylar bundan buyon bittadan beshtagacha yulduzga ega bo‘ladi, bu turar joylardagi xizmat sifatini yaxshilash va ularda yashovchi aholi xavfsizligini ta'minlash imkonini beradi. Dubay munitsipaliteti yerdan foydalanish departamentining mazkur tashabbusi ekspert hamjamiyati hamda megapolis aholisi o‘rtasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Mahalliy hukumatning u yoki bu binoni baholashdagi tamoyillari eng asosiy "to‘siq" bo‘lib qolmoqda. 

"Bunday reytinglarning qanchalik haqqoniyligi hamda mahalliy hokimiyat inspeksiyalarni o‘tkazish uchun yetarli malakali xodimlarga ega yoki yo‘qligi noma'lum. Bu juda murakkab jarayon. Turar joylarda ko‘plab texnik uskunalar o‘rnatdik, uylarni faqat tashqi ko‘rinishidan baholash adolatsiz bo‘ladi. Boshqa tomondan esa binolarning bir qismi turli sabablarga ko‘ra besh yoki ikki yulduzga ega bo‘lishi mumkin", - deydi Silicon Oasis nohiyasi Ko‘chmas mulk egalari assotsiatsiyasi rahbari Endryu De Kosta.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "haqiqatdan ham reyting tizimi axloqsiz uy egalariga ta'sir o‘tkazishning samarali usuli bo‘lib, bu ko‘chmas mulkning narxiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Biroq buning uchun tahlil haqqoniy va obektiv bo‘lishi kerak".

Gazetaning ma'lum qilishicha, 20 mingdan ortiq yer maydonlari va 120 ming ko‘chmas mulk obektlari ekspertlar tomonidan baholandi. Mutaxassislar joylarga borib, u yerlarda suratga olish, yong‘in xavfsizligi hamda xizmat darajasini baholash ishlarini amalga oshirishdi. Shu munosabat bilan jamoatchilik yaqin kunlarda Dubaydagi ko‘chmas mulklarning yangicha "yulduzli" tizim ma'lumotlaridan voqif bo‘lishi mumkin.

Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish