Jamiyat | 11:57 / 23.05.2016
13006
1 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda odamlar va mashinalar ustidan buldozerini yurgizgan haydovchini politsiya otib o‘ldirgani videosi paydo bo‘ldi

Xitoyning Shuochjou shahrida (Shansi provinsiyasi) buldozer odamlarni bosib-yanchib, mashinalarni urib ketgani videosi internetda tarqaldi.

Hodisa 2015 yilning sentabrida sodir bo‘lgan, ammo videoyozuv o‘tgan haftada e'lon qilingan.

Videoda noma'lum shaxs buldozerga yaqin kelgani, shundan so‘ng haydovchi uni quvishga tushgani, keyin esa boshqa avtomobillar va o‘tkinchilarni bosib-yancha boshlagani ko‘rsatiladi.

Videoda ko‘rish mumkinki, buldozer haydovchisi yo‘lda bir velosipedchini bosib o‘ldirgan, 20dan ortiq kishini yaralagan, shuningdek, o‘nlab transport vositasiga ziyon yetkazgan. Uni to‘xtatish uchun otib tashlashga to‘g‘ri kelgan. 

Aniqlik kiritilishicha, bu jarayon boshlanganidan 27 daqiqa o‘tib, uni politsiya snayperi nishonga olgan.