Iroq bosh vaziri Al-Falluja shahrini IShIDdan ozod qilish uchun janglar boshlanganini ma'lum qildi
Iroq bosh vaziri Haydar Obodiy Al-Falluja shahrini IShIDdan qaytarib olish uchun harbiy harakatlar boshlangani haqida ma'lum qildi. Bu haqda Sputnik xabar tarqatgan.
"Al-Fallujani ozod etish fursati keldi", degan bosh vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, keng ko‘lamli hujumlarda qurolli kuchlarning barcha turdagi qismlari hamda ittifoqchilarning maxsus bo‘linmalari ishtirok etadi.
Bag‘doddan 57 kilometr masofadagi Al-Falluja 2014 yildan buyon IShID jangarilari nazoratida bo‘lib kelmoqda. Bundan oldinroq, jangarilar shaharni tark etmoqchi bo‘lgan kishilarni qatl qilishni boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. IShID jangarilari hukumat armiyasi hujumi vaqtida tinch aholi vakillaridan "tirik qalqon" sifatida foydalanishni rejalashtirgan.
22 may kuni Iroq armiyasi vakillari Al-Falluja shahri aholisini shaharga qilinadigan hujumdan ogohlantirib, ulardan shaharni tark etishni so‘ragandi.