Jamiyat | 12:06 / 23.05.2016
4585
2 daqiqa o‘qiladi

Lufthansa samolyoti havodaligida eshikni ochishga uringan yo‘lovchi tufayli Hamburgga shoshilinch tarzda qo‘ndi

Lufthansa aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti parvoz vaqtida layner eshigini ochishga uringan yo‘lovchi tufayli Hamburgga shoshilinch tarzda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda CBC News xabar tarqatgan.

Bu samolyot Myunxendan Kanadaning Vankuver shahriga LH476 reysni amalga oshirgandi. Guvohlarning aytishicha, bu yo‘lovchi samolyot havoga ko‘tarilganidan keyin asabiylasha boshlagan, baqirgan va chekmoqchi bo‘lgan. 

"U 38 ming fut balandlikda (11,5 ming metr) samolyot eshigini ochishga urindi", deydi guvoh.

Shundan so‘ng, samolyot kapitani Hamburgga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan. Yerda bu yo‘lovchi reysdan chetlashtirilgan.

Hamburg politsiyasi xabariga ko‘ra, bu shaxsni shifokor ko‘rikdan o‘tkazgan va unda ruhiy faoliyatning buzilishini aniqlagan. Uni mahalliy psixiatriya kasalxonasiga yetkazishgan.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan samolyot Vankuverga parvozni davom ettirgan. Bu hodisa tufayli samolyot manzilga 3 soat kechikib yetib borgan.