Parij teraktlari qurbonlarining yaqinlari Belgiya ustidan sudga arz qilishdi
Parijda amalga oshirilgan qo‘poruvchiliklarda qurbon bo‘lgan 17 nafar marhumning oila a'zolari, Belgiya hukumati ustidan ushbu mamlakat sudlariga arz qilishmoqda. Ularning fikricha, aynan Belgiya huquq-tartibot organlarining mas'uliyatsizligi va terrorchilarga qarshi o‘z vaqtida chora ko‘rmaganligi sabab, Parij fojiasi yuz bergan, deb yozmoqda Soir nashri o‘z saytida.
Qurbonlar yaqinlarining manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Sami Maqtuf, Belgiya davlati "Parij xurujida ishtirok etgan yoki uni tayyorlashda qatnashgan ayrim shaxslarni nazorat qilishda xatoga yo‘l qo‘ygani uchun ham sudda javob berishi kerak".
Bundan avval Soir gazetasi xabar qilganidek, aksilterror surishtiruv ishlari olib borayotgan Belgiya federal politsiyasi, radikal kayfiyatdagi hamda Suriyadagi urushga ketishga chog‘lanayotgan aka-uka Ibrohim va Saloh Abdislom haqida 2015 yili taqdim etilgan ma'lumotlarga jiddiy yondashmagan. Ular 2015 yil kuzida sodir etilgan Parij teraktlarida qatnashganlikda gumon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yil 13 noyabr kuni terrorchilar guruhi Parij va uning atrofidagi Sen-Deni shaharchasida puxta o‘ylangan qator qo‘poruvchiliklarni amalga oshirgan, buning oqibatida, 130 kishi qurbon bo‘lgan, 350dan ortiq inson jarohatlangan edi. Ibrohim Abdislom Parijning Volter bulvarida o‘zini portlatib yuborgandi.