Toshkent – Chorvoq yo‘nalishi bo‘yicha shinam avtobus harakati yo‘lga qo‘yildi
Endilikda Toshkentdan Chorvoqqa yetib olish osonlashdi. Qo‘yliq bozoridagi so‘nggi bekatdan har kuni Toshkent – Chorvoq yo‘nalishi bo‘yicha shinam sayyohlik avtobusi harakatlanmoqda, deb xabar berdi Nuz.uz nashri.
Orzu Trans kompaniyasi shu kunlarda Toshkent – Chorvoq yo‘nalishi bo‘yicha avtobus harakatini yo‘lga qo‘ydi. Avtobus har kuni uch marta qatnovni amalga oshiradi. Avtobus Toshkentdan soat 8:30, 14:00 va 18:00 da, Chorvoqdan Toshkentga esa soat 6:00, 11:00 va 16:00 da yo‘lga tushadi.
Chipta narxi bir tomonga kishi boshiga 6 ming so‘mni tashkil qiladi. Kompaniya bu pulga konditsioner bilan jihozlangan 50 kishilik shinam avtobus taqdim qiladi.
Haydovchilarning aytishicha, reys hozircha yangi bo‘lib, avtobuslar yarmiga to‘lgan holda harakatlanmoqda. Biroq yoz mavsumi boshlangach vaziyat ijobiy tomonga o‘zgaradi. Hoynahoy, ko‘pchilik xususiy yengil avtomobillar o‘rniga shinam va xavfsiz transportda harakatlanishni afzal ko‘rishadi.