Sport | 16:11 / 23.05.2016
6176
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasi 2 iyun kuni Toshkentda Ekvator Gvineyasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2 iyun kuni Toshkentda Ekvator Gvineyasi milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

"Ikkala federatsiya rasmiylari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi va terma jamoalar 2 iyun kuni Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Unga ko‘ra, mazkur o‘rtoqlik o‘yini 2 iyun kuni Toshkentdagi Bunyodkor stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvning boshlanish vaqti 19:00ga belgilangan", deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, ayni damda FIFA reytingida 83-o‘rinda borayotgan Ekvatorial Gvineya terma jamoasi 2015 yilda o‘zi mezbonlik qilgan Afrika Millatlar Kubogi musobaqasida yarim finalga qadar yetib borgan. Ekvator Gvineyasi terma jamoasini hozirda argentinalik Esteban Bekker boshqarib bormoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi mazkur o‘yindan so‘ng, 4 iyun kuni rasmiy o‘yinlardan oldingi ilk yig‘inini o‘tkazish uchun Avstriyaga jo‘nab ketadi va u yerda 7 iyun kuni Kanada milliy terma jamoasiga qarshi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.

JCh-2018 3-saralash bosqichidagi ilk uchrashuvini esa, O‘zbekiston terma jamoasi 1 sentabr kuni “A” guruhi 1-turi doirasida Toshkentda Suriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2 iyun kuni O‘FF O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi haqida xabar qilgandi. 20 may kuni bu o‘rtoqlik uchrashuv bekor qilingani ma'lum bo‘ldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish