Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avstriyadagi prezidentlik saylovida Rossiya bilan yaqinlashish tarafdori mag‘lub bo‘ldi
Avstriya prezidentligi uchun saylovlarda «yashillar» sobiq yetakchisi, 72 yoshli Aleksandr Van der Bellen saylovchilarning 50,30 foiz ovozini olib g‘alaba qozondi. Bu haqda Yevropa saylovlari tvitter akkauntida ma'lum qilingan.
Uning raqibi bo‘lgan, o‘nglardan nomzod Norbert Xofer ovozlar hisoblab chiqilgach, saylovchilarning 49,70 foiz ovozini qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘ldi.
Xofer o‘z mag‘lubiyatini tan olgan.

Shu tariqa, Ikkinchi jahon urushi davridan beri ilk marta Avstriyaga Sotsial-demokratlar va Milliy partiyalar vakili bo‘lmagan siyosatchi prezident bo‘ldi.
Tahlilchilarning baholashicha, bu saylov Avstriya jamiyatining qochqinlarga munosabatini ifodaladi. O‘z raqibi yevroskeptik Xoferdan farqli ravishda Van der Bellen Yevropa birligi tarafdori hisoblanadi. Xofer o‘z saylovoldi kampaniyasini milliy shiorlar bilan o‘tkazgan va avstriyaliklar doimiy qochqinlar oqimidan zada bo‘lganini e'tirof etgandi.
Saylovlar mamlakatda kechayotgan siyosiy inqiroz fonida bo‘lib o‘tdi. Birinchi turda Sotsial-demokratlar va Milliy partiya vakillari mag‘lubiyatni tan olishdi.
Xofer birinchi turda 36 foiz ovoz bilan ustunlik qildi, lekin bu ikkinchi turni o‘tkazmaslik uchun kifoya qilmadi.
Mamlakat kansleri, sotsial-demokratik partiya vakili Verner Fayman, prezidentlik saylovlarining ikkinchi turiga ikki yetakchi siyosiy kuch vakillari emas, balki muxolifat ko‘rsatgan nomzodlar chiqishi ma'lum bo‘lgach, may oyi boshida iste'fo bergan edi. Uning o‘rnini 17 may kuni yangi kansler, sotsial-demokratik partiya yetakchisi Kristian Kern egalladi.
Ikki asosiy partiyaning muvaffaqiyatsizligi muhojirlar muammosi bilan uzviy aloqadorligi aytilmoqda.
Ishsizlik darajasi past bo‘lgan boy bu mamlakatga muhojirlar oqimi ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Ozodlik partiyasi 22 may kuni o‘z vakili Xofer g‘alaba qozonganini e'lon qilgandi.
Xofer avval Yevropa hamda Rossiya o‘rtasidagi sun'iy chegaraga qarshi kurashgan va sanksiyalarni zudlik bilan bekor qilish zaruratini olg‘a surgan.
So‘rovnomada Xoferni ishchi sinfning 10 vakilidan 7 nafari qo‘llab-quvvatlashi ma'lum bo‘lgandi.
Van der Bellen xalqaro nizolarni tartibga solish hamda iqlim o‘zgarishi masalalarida Moskvaning ishtirokisiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi va Ukraina inqirozni hal etishda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining faol ishtirokini targ‘ib etadi.
Avstriya konstitutsiyasiga binoan, davlat rahbari – Federal prezident – chegaralangan, asosan, vakillik vakolatlarigagina ega. Avstriya prezidenti umumxalq ovoz berish yo‘li bilan ketma-ket ikki muddatdan ortiq bo‘lmagan holda, olti yilga saylanadi.