Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Apple ikkinchi tachpadga va Touch IDga ega bo‘lgan MacBook Proni ishlab chiqadi
2016 yilda Apple qo‘shimcha tachpadga va Touch ID barmoq izi skaneriga ega bo‘lgan MacBook Pro’ning yangilangan noutbuklar turini ishlab chiqaradi. Bu haqida 9to5Mac nashri o‘zining aniq bashoratlari bilan tanilgan KGI Securitiesning tahlilchisi Min-Chi Kuoga asoslanib xabar berdi.
Tahlilchining ma'lumotiga ko‘ra, Apple Pro turidagi noutbuklarning dizayniga qo‘shimchalar kiritib, oxirgi ikki MacBook modellariga moslashtirishni rejalashtirgan. Ularning dizayni korpusning ingichkaligi, yonib turuvchi olma logotipining yo‘qligi, shuningdek, yagona USB-C borligi bilan ajralib turadi.
Ammo eng asosiy farq – bu F1-F12 tugmalarining o‘rniga klaviaturaning yuqori qismida tachpadlarning o‘rnatilganligi hisoblanadi. Tahlilchining fikriga ko‘ra, bu tachpad OLED-displeyga ega bo‘ladi, ya'ni uning tugmalari foydalanuvchining tanloviga ko‘ra har xil bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, noutbuk USB-C (nechta o‘rnatilishi hali noma'lum) va Thunderbolt 3 portlariga ega bo‘ladi. 9to5Mac ma'lumotiga ko‘ra, Touch ID datchiki orqali noutbukni blokdan chiqarish imkoniyati haqidagi mish-mishlar tasdiqlandi. Apple xodimlari Touch ID orqali nafaqat telefonlarni, balki noutbuklarni ham blokdan chiqara olish imkoniyati ustida ish olib borishmoqda.
Min-Chi Kuoning ta'kidlashicha, yangi MacBook Pro “Applening 2016 yildagi eng yorqin yangiligi” bo‘ladi. Bu esa Pro-turidagi noutbuklarning kuz oyida yangi iPhone bilan taqdim etilishi mumkinligini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Nashrning xabariga ko‘ra, kompaniya MacBookning 13- va 15-dyuymli yangi zamonaviy turini erta yoz mavsumida taqdim etishni rejalashtirayotgan edi, ammo anonsni to‘rtinchi chorakka ko‘chirdi. Apple MacBookni o‘rta darajadagi qurilma deb, MacBook Air’ni esa asosiy va MacBook Pro’ni premium sinfidagi qurilma sifatida baholamoqda.