Jamiyat | 12:32 / 24.05.2016
2786
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada Zika virusiga qarshi dori vositasi tadqiqoti saqlangan kompyuter o‘g‘irlab ketildi

Braziliyalik olim Amilkar Tanurining Zika virusiga qarshi kurash borasidagi so‘nggi tadqiqot natijalari saqlanayotgan nout-bukini o‘g‘irlab ketishdi. O Estado de S. Paulo gazetasi xabariga ko‘ra, hodisa Rio-de-Janeyro markazida joylashgan Santos-Dyumon aeroportida sodir bo‘lgan. Bu haqda TASS ma'lum qildi. 

“Barchasi ko‘z ochib-yumguncha sodir bo‘ldi: telefonda gaplashayotgan paytim, sumkani yerga qo‘ydim. Men hatto uni kim o‘g‘irlaganini ham bilmay qoldim”, - deydi olim. Guvohlar sumkani olib mashina tomon yugurib ketgan ikki erkakni ko‘rishgan. Tanuri yordam so‘rab aeroport ma'muriyatiga murojaat qildi, biroq unga elektr tarmog‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ba'zi joylarda chiroq o‘chirilgani va kuzatuv kameralari avtomobil nomerini yozib qololmaganini ma'lum qilishdi. 

O‘g‘irlangan nout-bukning asosiy xotirasida Zika virusiga taalluqli ikkita tadqiqot natijalari saqlangan. Ulardan biri bezgak chaqiradigan salbiy oqibatlarni bartaraf etishi mumkin bo‘lgan dori vositasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi muhim yangilik edi. Ilmiy ishning nusxasi yo‘qligi uchun endi olim barcha sinovlarni qaytadan o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Rio-de-Janeyro Federal universiteti molekulyar virusologiya Laboratoriyasini boshqaruvchi olim Tanuri tadqiqot uchun zarur vositalarning o‘zini 5 ming dollar deb baholamoqda.  

“Tajribani takror o‘tkazish uchun menga bir haftadan o‘n kungacha muddat zarur bo‘ladi. Bu nafaqat yangi xarajatlar degani, balki anchagina vaqt ham ketadi”, - bildirdi olim. Tanurining tadqiqot ishini Cell ilmiy jurnali chop etmoq edi. Biologning qarindoshlari hamda do‘stlari ijtimoiy tarmoqlar orqali – o‘g‘rilar, olimning fikriga ko‘ra, o‘g‘irlangan materialning haqiqiy qadrini tushunmaydigan odamlarga kompyuterni qaytarish iltimosi bilan murojaat qilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish