Bryussel Turkiyaga nisbatan keskin munosabatida qat'iy turibdi
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on boshqaruvi davrida Turkiya avtoritar davlatga aylanib bormoqda, deb hisoblaydi Yevroparlament rahbari Martin Shults. Bu haqda Politico xabar qildi.
“Biz mamlakatda hukumat boshqaruvi bir odamning qo‘liga o‘tib qolayotganini jim kuzatib turmasligimizni tushuntirishimiz kerak”, - deydi Shults.
Shults Bryusselning Turkiya hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasida turkiyalik fuqarolar uchun qisqa muddatli safarlarga vizasiz rejimni tatbiq qilish Anqara tomonidan YeIning barcha talablari bajarilgandagina mumkin bo‘lishini bildiruvchi pozitsiyasini tasdiqladi.
Bryussel rasmiylari Turkiya beshta shartning barchasini bajarganda YeI hamda Turkiya o‘rtasida vizasiz rejim kiritilishini bildirmoqda. Korrupsiyani bartaraf etish, Yevropol bilan tezkor kelishuv to‘g‘risida muhokama o‘tkazish, YeI barcha a'zo-davlatlari bilan sud qonunchiligi sohasida hamkorlik o‘rnatish, Yevropa Ittifoqi standartlariga monand ravishda ma'lumotlarni muhofazalash qoidalarini kiritish hamda terrorizmga qarshi kurash qonunchiligini qayta ko‘rib chiqish shartlari nazarda tutilmoqda.