Quyoshda sochga zarar yetmasligi uchun nimalarga e'tibor berish lozim
Quyosh soch tolalari uchun xavfli, ayniqsa, yoz oylarida. Bunda sochlarning bo‘yalgan yo bo‘yalmagani muhim emas, ultrafiolet ta'sirida ularning holati yaxshi tomonga o‘zgarmaydi. "Soch tolasining ichida kimyoviy bo‘yoqlar bilan ochartirishga o‘xshagan oksidlanish jarayoni ro‘y beradi va pigment ajrala boshlaydi", - deya izoh beradi mutaxassis Irina Joxova. Buning natijasida sochlar quruqlashib, sinuvchan bo‘lib qoladi, shu bilan birga ularning jilosi yo‘qoladi.
Agar bunga qarshi chora ko‘rilmasa, sochlaringiz jonsiz bo‘lib qolishi mumkin. Qaynoq harorat, havoda namlikning kamligi, shuningdek, dam olish joylaridagi sho‘r va hovuzdagi xlorlangan suv o‘z natijasini ko‘rsatmasdan qolmaydi.
"Yoz faslida sochlarni parvarish qilish kamida uch bosqichdan iborat bo‘lishi kerak: tozalash, himoyalash, qayta tiklash, - deydi Schwarzkopf Professional stilisti Aleksandra Edelberg. - Sochning turi va strukturasidan kelib chiqib qo‘shimcha parvarish vositalardan ham foydalanilsa, undan-da yaxshi".
"Quyoshli liniya" shampunlari (odatda ularda Sun so‘zi bo‘ladi) soch tolalarini nafaqat tozalaydi, balki ularni keyingi oziqlantiruvchi komponentlar ta'siriga ham tayyorlaydi, tuz va xlorning ta'sirini neytrallashtiradi. Dam olish maskanlarida sochni har kuni shampun bilan yuvish tavsiya etiladi.
Soch parvarishida niqob (maska), balzam, konditsionerlar kabi vositalar haqida ham unutmaslik kerak, chunki har birining o‘z vazifasi bor - soch kutikulasini yopish, ya'ni uni "tekislash" va shu bilan birga uni himoyalash. Bu mahsulotlar quyosh ostida yurgandan so‘ng sochlarni qayta tiklashga yordam beradi.
Yozda sochlar haqida qayg‘urishning yana bir zarur bosqichi - ularni yuvilmaydigan vosita bilan ta'minlash. Bu sprey, krem yoki yog‘ bo‘lishi mumkin, bu go‘zallik mahsulotlari tarkibida SPF'dan himoyalovchi moddalar mavjud. Ular sochga xuddi tanani quyoshdan himoyalovchi kremlar kabi ta'sir ko‘rsatadi, ikkala holatda ham UF-filtrlar o‘z ishini qiladi. Ekspertlar bunday vositalarni ko‘chaga chiqishdan 15-30 daqiqa oldin qo‘llashni maslahat qilishadi.
5 muhim qoida
Zamonaviy kosmetika vositalariga qaramasdan sochlaringizni yoz mavsumiga oldindan tayyorlashni boshlang. Buning uchun quyidagi qoidalarga amal qilsangiz, foydadan holi bo‘lmaydi.
1. Sochlaringizni ko‘proq namlantiring. Bunda sizlarga shampun va niqoblar bilan bir qatorda spreylar ham yordam beradi. "Hozir deyarli har bir brend arsenalida sochlarni qayta tiklovchi yog‘lar bor, shulardan birini tanlab, shampun yoki niqobga bir necha tomchi tomizing, shunda ular yanada zo‘r natija ko‘rsatadi", - deya maslahat beradi mutaxassis.
2. Doimiy soch turmagingizni o‘zgartiring. Soch dazmollari va qisqichlarining haroratini pasaytiring, fendan voz kechib sochingizni tabiiy yo‘l bilan quriting, sochlarni og‘irlashtiruvchi vositalardan foydalanmang.
3. Xonada havoni namlantiruvchi vosita bo‘lsa yana-da yaxshi. Ular soch tolalarining namligini saqlab turishga yordam beradi.
4. Dam olish maskanlarida mehmonxonalardagi shampunlar bilan cheklanib qolmang. Sayohatlar uchun yaxshisi sinalgan mahsulotlarni oling.
5. Sochni quyoshdan himoya qiluvchi eng oddiy vosita - bosh kiyim haqida unutmang. To‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari tushadigan joylarga chiqsangiz, shlyapa yoki kepka kiyib oling.
Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.