Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Tsukerberg uyi oldidagi manzarani to‘smasligi uchun Kaliforniyada to‘rtta turar joyni buzdirdi
Facebook kompaniyasi rahbari Mark Tsukerberg o‘zining Kaliforniya shtatidagi Palo-Alto nomli uyidan ko‘rinuvchi manzarani to‘smasligi uchun to‘rtta turar joyni buzishni talab qildi. Bu haqida Fox News telekanali xabar berdi.
Uning o‘zi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Tsukerberg "shaxsiy hayotiga birov aralashmasligi uchun qayg‘urmoqda". Shunday holatlarni chetlab o‘tish maqsadida tadbirkor hukumatga murojaat qilib, o‘z uyi oldidagi ikkita bir qavatli va ikkita ikki qavatli uylarning buzilishiga erishdi. Ularning o‘rniga umumiy maydoni avvalgilaridan 20 foizga kam bo‘lgan to‘rtta boshqa uy qurish rejalashtirilgan, deya aniqlashtiradi telekanal. Bunday reja Tsukerbergga qanchaga tushgani noma'lum.
2013 yilda u o‘z uyi atrofidagi uylarni sotib olishga 30 million dollardan ortiq pul xarajat qilgan. Fox News bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Facebook asoschisi 464,5 kvadrat metr maydonga ega hashamatli uy uchun 7 million dollar to‘lagan. Qarorgoh narxi bir yilda 12 foizga oshdi.
Kompaniyaga 2004 yilning 4 fevralida Mark Tsukerberg va uning Harvard universitetidagi uch nafar kursdoshi tomonidan asos solingan. Ijtimoiy tarmoqning bir oylik auditoriyasi 1,6 milliard kishini tashkil etadi.