Jahon | 14:20 / 24.05.2016
6689
2 daqiqa o‘qiladi

RF maxsus vakili: Shanxay hamkorlik tashkiloti isloh etilmaydi

RF prezidentining ShHT ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston va Pokistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo bo‘lishi, tashkilotni isloh qilishni anglatmaydi, ammo hamkorlik mexanizmlariga tuzatishlar kiritishni talab etadi. 

"ShHT hech qanday isloh etilmaydi, - deb qayd etgan Hakimov. - Biroq tashkilotning kengayish jarayoni yuz bermoqda. Yangi a'zolarning qabul qilinishi esa, hamkorlik mexanizmlariga tuzatishlar kiritishni talab etadi".

Hakimovning izohlashicha, "yangi a'zolarni mazkur tashkilot faoliyatiga moslashtirish lozim". Chunki "ShHT kotibiyati doirasida hamda Milliy koordinatorlar kengashi majlislarida ham birmuncha o‘zgarishlar yuz berishi tabiiy", - degan Rossiya prezidenti maxsus vakili.

Baxtiyor Hakimov Hindiston va Pokistonning tashkilotga a'zo bo‘lishi bilan "ShHTning jahon  hamjamiyatidagi o‘rni jiddiy o‘sishiga" ishonch bildirib,  "istiqbollar juda umid uyg‘otmoqda", - deya qayd etgan. 

Hakimovning aytishicha, RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, ShHT tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishida, Eronning tashkilotga a'zo bo‘lishi masalasini kun tartibiga qo‘yish niyatida. 

"Rasmiy Tehron ShHTga a'zo bo‘lish arizasini 2008 yilda topshirgan. Shunga ko‘ra, Eron tashkilotning navbatdagi to‘laqonli a'zosi bo‘lishi mumkin. Sanktsiyalar bekor qilinayotgan bir vaqtda, uning a'zoligiga to‘siqlarni ko‘rmayapmiz", - degan Hakimov. 

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga O‘zbekiston raislik qilmoqda, uning bu yilgi oliy darajadagi Sammiti 23-24 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.