ShHT TIV rahbarlarining Toshkentdagi yig‘ilishida bir qator hujjatlar imzolandi
Bugun, 24 may kuni Toshkentda boshlangan yig‘ilish davomida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo bo‘lgan davlatlar Tashqi ishlar vazirlari bir qator hujjatlarni imzoladi. Shu jumladan, Hindiston va Pokistonni tashkilotga qabul qilish jarayonini belgilovchi hujjatlar qabul qilindi.
Ishchi yig‘ilishda O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov, Qozog‘iston TIV rahbari Yerlan Idrisov, Xitoy TIV rahbari Van I, Qirg‘iziston TIV rahbari Erlan Abdillayev, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Aslov, ShHT bosh kotibi Rashid Alimov hamda ShHTning Hududiy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ishtirok etmoqda.
ShHTga a'zo mamlakatlar TIV rahbarlari quyidagi hujjatlarni imzolashgan:
"23-24 iyun kunlari Toshkent shahri mezbonlik qiladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishining kun tartibi loyihasi", "ShHT tashkil topganining 15 yilligi munosabati bilan rasmiy Toshkent tayyorlagan deklaratsiya loyihasi", "ShHTni 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha loyihalar", "Hindistonni ShHTga a'zolikka qabul qilish bo‘yicha muzokara jarayoni", "Pokiston Islom Respublikasini ShHTga a'zolikka qabul qilish bo‘yicha olib boriladigan muzokara jarayoni".