08:39 / 24.05.2016
5713

Tomash Rositski suriyalik bolaning maktubi tufayli futboldan ketmaslikka qaror qildi

Mavsum yakunida "Arsenal" jamoasini tark etgan chexiyalik futbolchi Tomash Rositski tinimsiz jarohatlar tufayli futbolchilik faoliyatini yakunlamoqchi bo‘lgani, ammo suriyalik bolaning maktubi tufayli "butsalarini mixga ilish"ni ortga surib, terma jamoasi safida 2016 yilgi Yevropa chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagani haqida ma'lum qildi.

"Men lazaretda yotganimda futbolchilik faoliyatimni bu tariqa yakunlamasligim kerakligini anglab yetdim. Menga butun dunyodan, jamoadoshlarimdan va boshqa oddiy kishilardan dalda beruvchi so‘zlar aytilib turildi. Ayniqsa ulardan biri, suriyalik bola tomonidan yozilgan maktub meni qattiq to‘lqinlantirib, ilhomlantirdi. U mening yana maydonda futbol o‘ynay boshlashimni ko‘rishni qattiq istashi haqida yozgandi. Men shunda futbol kishilarning hayotida katta ahamiyatga ega ekanini tushundim. Men hayratda edim va bu hayrat futboldan ketish bo‘yicha barcha xayollarimni to‘zg‘itib yubordi. Bu men futbolchilik faoliyatimni yakunlamaslikka qaror qilishimdagi asosiy turtki bo‘ldi", deya Rositskining so‘zlaridan iqtibos keltiradi UYeFA rasmiy sayti.

35 yoshli futbolchi joriy mavsumni tizzasidagi jarohat tufayli o‘tkazib yubordi va "Arsenal" bilan shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qildi. U 2006 yili Dortmundning "Borussiya" jamoasidan Londonga kelgandi. Rositski Chexiya terma jamoasining Yevro-2016 uchun kengaytirilgan tarkibiga kiritilgan.

Top