Jahon | 10:09 / 24.05.2016
2804
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota kompaniyasi xavfsizlik yostiqchalaridagi nosozlik tufayli AQShdagi 1,5 mlndan ortiq mashinasini chaqirib olmoqda

Yaponiya avtogiganti Toyota kompaniyasi Takata firmasi ishlab chiqqan xavfsizlik yostiqchasidagi nosozliklar sabab, AQShdagi 1,58 mln mashinasini chaqirib olmoqda. Bu haqda avtokonsern bayonotida so‘z yuritilgan. 

Ushbu qaror, kompaniyaning 2006 yildan 2011 yilgacha ishlab chiqargan 9ta modeli, jumladan, Corolla, Yaris, Sienna’larga ham tegishlidir. 

"Bu mashinalarning old yo‘lovchi xavfsizlik yostiqchasining piropatronlari almashtiriladi", - deyiladi bayonotda. 

Hozirgi kungacha, Takata xavfsizlik yostiqchasidagi nosozlik tufayli Toyota’ning AQShda chaqirib olgan mashinalari soni umumiy hisobda 4,7 mln donadan oshib ketdi. 

Yaponiyaning Takata kompaniyasi, sifatsiz mahsuloti sababli 2014 yilda mojaro markazida qolgan edi. AQSh hukumatining aniqlashicha, mazkur kompaniya ishlab chiqqan xavfsizlik yostiqchasining piropatronidagi nosozlik, halokat vaqtida yostiqchaning noto‘g‘ri ochilishi, portlab ketishi yoxud avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilarga temir parchalarini "otishi"ga sabab bo‘lgan. 

Shu kabi holatlar 11 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, ularning 10 nafari AQShda yuz bergan hodisa qurbonlaridir. Mana shu nosozlikka oid chaqirib olingan mashinalarning umumiy miqdori esa, 100 mln.dan oshib ketdi.

Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.