Sport | 16:42 / 25.05.2016
8498
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimligida “Universiada – 2016”da ishtirok etuvchi sportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun Andijon viloyati hokimligida “Universiada – 2016” sport musobaqalarida qatnashuvchi sportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Iqtidorli yosh sportchilarga oq yo‘l tilash maqsadida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Nishanov, viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Babajanovlar ishtirok etdilar.

Do‘stona muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda viloyat hokimi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan uch bosqichli sport musobaqalari yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk qilib tarbiyalash, ularda qat'iyat, mardlik, birdamlik va bag‘rikenglik fazilatlarini shakllantirish, o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlash va malakali sportchilar tayyorlashga xizmat qilayotgani haqida so‘zlab, nufuzli tadbirga yo‘l olayotgan sportchilarga omadlar tiladi.

Murabbiy va sportchilar ham o‘z navbatida o‘zlariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik aytib, musobaqalarda bor kuch va mahoratlarini ishga solishga va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga qiritishga harakat qilishlarini bildirdilar.

Elmurod ERMATOV, Andijon

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish