Xalq ta'limi vazirligi bitiruvchilar soni bo‘yicha tafovutga oydinlik kiritdi
O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan ayrim internet nashrlarida Xalq ta'limi vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma'lumotlar bilan rasmiy saytda taqdim etilgan raqamlar o‘rtasida tafovutlar borligi haqida o‘quvchilar diqqatini chalg‘ituvchi noxolis axborotlar tarqatildi. Shu munosabat bilan Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Bahriddin Shayvaliyev mazkur masalaga oydinlik kiritdi.
“O‘quv yili avvalida e'lon qilingan statistik ma'lumotlar mavjud dalillar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelish va ko‘chib ketish, qayta o‘qish, shuningdek, Ichki ishlar, Mudofaa vazirligi va boshqa davlat muassasalari ixtiyoridagi umumta'lim maktablarida tahsilni davom ettirish kabi turli sabablarga ko‘ra o‘zgarib turadi. Bunday tafovutning bo‘lishi tabiiy holat. Biroq ayrim elektron nashrlar tomonidan shov-shuv ko‘tarish orqali o‘z obro‘sini oshirib olish maqsadida o‘quvchilar diqqatini chalg‘ituvchi noxolis axborotlar tarqatildi”, - dedi B.Shayvaliyev.
9-sinf bitiruvchilari soni 476 ming 616 nafarni tashkil etishi ko‘rsatilgan bo‘lsa, rasmiy saytning asosiy ko‘rsatkichlar bo‘limida esa o‘quv yili avvalidagi ma'lumotlar - 475 ming 778 nafarligicha saqlanib qolgan.