Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Istanbulda o‘tgan sammit muhojirlar bolalariga nima yengillik beradi?
Istanbulda BMTning gumanitar masalalarga bag‘ishlangan ikki kunlik sammitida sayyoramizda yordamga muhtojlikda yashayotgan insonlarning baxt-saodati yo‘lida birgalikda hamkorlik qilishga kelishib olindi. Anjuman BMT bosh kotibi Pan Gi Mun tashabbusi bilan o‘tkazildi. Biroq bosh kotib anjumanda bir qator rivojlangan mamlakatlarning rahbarlari ishtirok etmaganidan afsusda ekanligini ta'kidladi. Sammit nihoyasiga yetgan bo‘lishiga qaramay bir qator savollar javobsiz qoldi. “Yuksak minbardan idrok etilgan nutqlar, va'dalar bajariladimi yoki qog‘ozda qolib ketadimi?”, degan savollarga hozircha javob topilgani yo‘q. Anjumanda vatanlaridan ayrilgan muhojir bolalarning ta'limi bilan bog‘liq masala ko‘tarib chiqildi va ularga yordam berish maqsadida maxsus jamg‘arma tashkil etiladigan bo‘ldi.
BMT mutaxassislarining so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda 75 millionga yaqin bola o‘z mamlakatlarida kuzatilayotgan qurolli to‘qnashuv va tabiiy ofatlar tufayli aziyat chekmoqda va bu holat ularning bilim olish imkoniyatidan mahrum qilgan. Muhojirlikni bo‘yniga olgan bolalarning bilim olish huquqiga ega ekanligini BMT va Yevropa Ittifoqi amaldorlari tushunib yetgan. BMT vakillarining aytishicha, muhojirlarning bolalariga ta'lim berish orqali ularga porloq kelajak sovg‘a qilinadi hamda bolalarning radikal guruhlar saflariga kirib qolishining oldi olinadi. Shuningdek, yaxshi hayot orzusida bolalarning Yevropa sari yo‘lga chiqishlariga barham beradi. Gumanitar yordamlar bo‘yicha yevrokomissar Xristos Stilianidisning fikricha, o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot muhojir bolalarning ta'lim olishi uchun joriy qilingan dastur byudjyetini 4 barobar ko‘paytirishga qaror qilgan. Uning aytishicha, ta'lim berish orqali muhojir bolalarni radikallashishidan, mehnat qilishga majburlashdan, qizlarni erta turmushga uzatilishidan himoya qilar ekan.
Ta'kidlanganidek, bugungi kunda jahonda muhojirlar bilan bog‘liq global inqiroz kuzatilmoqda. Inqiroz nafaqat kattalarni, balki bolalarni ham o‘z domiga tortmoqda.
BMTning Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF) o‘z mamlakatlaridagi inqirozli vaziyatlar tufayli ilm olishdan bebahra qolayotgan bolalarning ta'lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3,85 milliard dollar to‘plashga qaror qildi. YUNISEF bergan bayonotda favqulodda vaziyatlar sabab bilim olishdan mahrum bo‘lgan 75 million bolaning hayotidan tashvish bildiriladi. “Ta'lim kutib tura olmaydi” (Education Cannot Wait) deb nomlangan jamg‘armaning asosiy maqsadi inqirozli mamlakatlarda nima bo‘lishdan qati nazar bolalarning ta'lim olishini ta'minlashdan iboratdir. Ayni damda bir qator insonparvarlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi AQSh, Norvegiya va Yevropa Ittifoqidagi hukumat va nohukumat tashkilotlari jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazishgan. YuNeSKO bosh direktori Irina Bokova “Ta'lim kutib tura olmaydi” jamg‘armasining tuzilishini olqishlagan va qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Uning so‘zlariga qaraganda, turli majorolar, tabiiy ofatlar oqibatida o‘z yurtlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan millionlab bolalarning ta'lim olish huquqlarini ta'minlash maqsadida zudlik bilan zarur chora-tadbirlarni ko‘rish kerak. Yangi jamg‘arma bu masalalarni hal qilishga qaratilgan. Jamg‘arma yaqin besh yil davomida 3,85 milliard dollar to‘plab, 13,6 million bolaning ta'lim olishini ta'minlashi kerak. Jamg‘arma 2030 yilga borib 75 million bolaning ta'lim olishiga yordam ko‘rsatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda maktab yoshidagi har to‘rt boladan biri inqirozlar davom etayotgan mintaqalarda istiqomat qiladi. Bu taxminan yarim milliard bolaning ta'lim olishdan bebahra ekani yoki sifatsiz ta'lim olishga majburligini, shuningdek, har qanday vaziyatda o‘qitishni tashlashi mumkinligini anglatadi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan gumanitar muammolarni bartaraf etishga ajratilayotgan mablag‘larning atigi 2 foizinigina muhojir bolalarning ta'lim olishiga sarflanishi aytiladi. Irina Bokovaning aytishicha, to‘plangan mablag‘larning 10 foizini bolalarning ta'limi yo‘lida sarflash kerak.
Yaqinda “O‘zimizni oqlamaylik” deb nomlangan hisobot e'lon qilindi. Unga ko‘ra, muhojir bolalarning atigi 50 foizigina boshlang‘ich maktabga qatnaydi. O‘rta maktabga esa muhojir bolalarning atigi 25 foizi borishi aytiladi. Hisobotga ko‘ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har to‘rt bolaning bittasi gumanitar inqiroz kuzatilayotgan mamlakatda istiqomat qilar ekan. So‘nggi besh yilda Suriyada 6 mingta maktab vayron bo‘ldi. YUNISEF ma'lumotlariga ko‘ra, Ukraina sharqida esa har beshta maktabdan biri buzilgan yoki ziyon ko‘rgan.
1945 yilda dunyoni urushlardan xalos qilish maqsadida BMT tashkil etilgan va kelajakda odamlarni erkin va qo‘rquvlardan holi yashashiga va'da bergan edi. Ming afsuski, dunyoning u yoki bu burchagida hamon urushlar davom etmoqda. Qurolli to‘qnashuvlar, o‘z navbatida, bolalarning ta'lim olishiga to‘siq bo‘lmoqda. Qurolli to‘qnashuv va beqarorliklar tufayli 4,5 million bola Suriya, Afg‘oniston, Somali, Sudan va Janubiy Sudanni tark etgan. Nizolar davom etayotgan mintaqalarda qolib ketgan bolalarning hayoti xavf ostida ekani aytiladi. Gohida bolalar o‘ldiriladi. O‘g‘irlangan bolalar esa jangarilar safida faoliyat yuritishga majbur qilinadi. Ayrimlari qullika sotib yuboriladi. Qurolli majoro, zo‘ravonlik, ochlik va qullikdan yer yuzida millionlab bolalar aziyat chekmoqda.
21-asrda muhojir bolalarning yangi maskanlariga o‘rganishi ham bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ularning til o‘rganishi va ta'lim olish jarayonlarida murakkabliklar kuzatilmoqda. Kindik qoni to‘kilgan yurtlaridan yangi joyga kelgan bolalar o‘zlari uchun mutloqo yot bo‘lgan turmush tarziga o‘rganishga qiynalmoqda. Ayrim hollarda yangi turmush tarzini, yangi madaniyatni qabul qila olishmayapti. Shu sababli ham muhojir bolalarga har tomonlama ko‘mak berish muhim vazifalardan biri ekani tan olinadi.
Sharofiddin To‘laganov