Jamiyat | 21:45 / 25.05.2016
9300
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolarini o‘margan politsiyachilar sud qilindi

Qozog‘istonning Atirau shahri ma'muriy sudi shahar Ichki ishlar departamentining sobiq xodimlari bo‘lgan 2 shaxsni O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan talonchilik qilganlikda ayblab sud qildi. Bu haqda sud matbuot xizmatiga asoslanib, Tengrinews.kz nashri xabar tarqatgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, ayblanuvchilar 2015 yilning iyulida o‘zlarini Migratsiya politsiyasi vakillari sifatida ko‘rsatib, O‘zbekiston fuqarosini "tuzoqqa tushirishgan". Ular o‘zbekistonlik muhojirdan hujjat talab qilib, uni qo‘rqitishgan hamda pullarini va telefonini olib qo‘yishgan. Keyinroq ular yana 5 nafar o‘zbekistonlikka nisbatan shunday talonchilik jinoyatlarini amalga oshirgan. Ular o‘margan jami boylik miqdori 800 ming tengedan ortiqni tashkil qilgan.

Sud sobiq politsiyachilarni "Talonchilik" va "Firibgarlik" moddalari bo‘yicha aybdor deb topib, ularga 4 yildan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi hamda ular huquqni muhofaza qilish organlarida umrbodga ishlay olmasligi bo‘yicha hukm chiqarildi. Shuningdek, ular unvonlaridan mahrum etilgan.