Fan-texnika | 18:43 / 25.05.2016
4243
2 daqiqa o‘qiladi

Opera Xitoy konsorsiumiga sotilishi mumkin

Norvegiyaning Opera Software kompaniyasi 90 foiz aksionerlari, dasturlar ishlab chiqish biznesini Xitoy korporatsiyalari konsorsiumiga sotish taklifini ma'qullagan. Opera brauzeri ishlab chiquvchisi 1,3 mlrd dollarga baholanmoqda, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi.

Opera Software’ning ikkinchi yirik aksioneri Ludvig Lorentzen va unga yaqin tuzilmalar, o‘zlariga tegishli 11 mln aksiyaning (7,5 foiz) har birini 71 Norvegiya kronasi (8,51 dollar)dan sotishga rozilik bildirgan. Avvalroq, kompaniyaning eng yirik aksioneri Folketrygdfondet ham aksiyalarini sotishga rozi bo‘lgan edi. 

Opera Software direktorlar kengashi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan taklifni, endilikda Amerika va Xitoy hukumatlari tasdiqlashi kerak. 

Qihoo 360 Technology, Kunlun Tech va Yonglian Investment kompaniyalardan tashkil topgan Xitoy konsorsiumi 2016 yil fevralida Opera’ni 1,26 mlrd dollar evaziga xarid qilish rejasini ma'lum qilgan edi. Tahlilchilarning fikricha, ushbu summa Opera aksiyalarining bozor qiymatidan 46 foizga ko‘p demakdir.