11:58 / 25.05.2016
5657

JAR prezidenti Zumaning rafiqalari uchun davlat byudjyeti hisobidan 11ta avtomobil olingani ma'lum bo‘ldi

Janubiy Afrika respublikasi prezidenti Jyeykob Zumaning 4 nafar rafiqasi avtomobillar bilan ta'minlanishi uchun davlat byudjyetidan mablag‘lar sarflangan. Bu haqda parlament majlisi vaqtida deputat savoliga JAR politsiya vaziri Nkosinati Nleko javob qaytargan.

Vazirning qayd etishicha, o‘tgan 4 yil davomida prezident ma'muriyati davlat byudjyeti hisobidan 2ta Audi, 2ta Land Rover Discovery yo‘ltanlamasi hamda 2ta Range Rover uchun jami 8,6 mln rend (500 ming dollar atrofida) miqdorida mablag‘ ajratgan.

Nlekoning so‘zlariga ko‘ra, bu avtomobillar prezident Zumaning rafiqalari xavfsizligini ta'minlash maqsadida foydalanilgan.

Vazirga savol bilan murojaat qilgan deputat muxolifatdagi "Demokratik alyans" a'zosi Zak Mbele bo‘lib, u Zuma avtomobillarga sarflagan bu pullarni 116 nafar talabani stipendiya bilan ta'minlash yoki 61 nafar politsiyachining yillik maoshlarini to‘lash uchun yo‘naltirsa ham bo‘lardi.

Jyeykob Zuma 2014 yili o‘z uyini ta'mirlashda byudjyetni noqonuniy sarflaganlikda gumon qilingandi. O‘shanda uning xususiy qarorgohi rekonstruksiya qilingan, lekin xavfsizlik tizimini yangilash uchun amalga oshirilgan rekonstruksiyadan keyin qarorgohda xususiy klinika, amfiteatr va basseyn ham paydo bo‘lgandi.

Zuma davlat byudjyetidagi kamomadni qoplashga va'da bergandi. Shu yilning aprelida u impichmentdan qutilib qoldi.

Zuma ko‘pxotinlik tarafdori ekanini ochiq aytgan JARning ilk prezidenti hisoblanadi. Hozirgacha u olti marta uylangan bo‘lib, so‘nggi nikohi 2012 yil qayd etilgan. Hozirgi vaqtda uning olti xotini va 20 nafar farzandi bor.

Zumaning turmush o‘rtoqlaridan biri — Keyt Mantsho-Zuma 2000 yil vafot etgan. Prezidentning boshqa bir xotini — Nkosazane Dlamini-Zuma esa ajrashganidan so‘ng ketma-ket JAR Tashqi va Ichki ishlar vazirliklariga rahbarlik qildi, hozirgi vaqtda Afrika Ittifoqi komissiyasi raisi hisoblanadi.

72 yoshli Zuma 2014 yilda yana bir marta uylanmoqchi ekanini aytgandi.

Top