Jamiyat | 11:40 / 26.05.2016
7619
3 daqiqa o‘qiladi

Farzandidan voz kechgan amerikalik ayol 80 yil o‘tib qizi bilan uchrashdi

AQShda 1933 yilda farzandidan voz kechgan ayol 80 yil o‘tib qizi bilan muloqotga kirishdi, deb yozadi The Daily Mail.

83 yoshli Doriyenn Hammann 99 yoshli Eylin Vagnerga qo‘ng‘iroq qilib, "Salom, oyi" degan. 

Manbaning ma'lum qilishicha, Viskonsin shtatida yashovchi ayol unga nisbatan ishlatilgan zo‘ravonlik natijasida 16 yoshida homilador bo‘lib qoladi. Vagner qiz farzandni dunyoga keltirib, uni boshqa oilaga farzandlikka topshirgan. Bu ikki ayolning uchrashishiga Hammanning kelini yordam berdi. U farzandlikka qabul qilishga oid hujjatlarni o‘rganib chiqib, internetdan Vagnerning raqamini olishga muvaffaq bo‘ldi. 

Vagner va Hammann bir necha marotaba telefonda suhbatlashishdi, so‘ngra 2016 yilning aprelida uchrashishdi. Dunyoga keltirgan onasi qiziga uning tug‘ilishi tafsilotlarini so‘zlab berdi: "O‘sha paytlar bu o‘ta sharmandalik hisoblanardi", - deydi ona. 

"Mening hozirgi yoshimda onamning tirikligiga hali-hanuz ishonolmayman. Har safar shu haqida o‘ylaganimda etim jimirlab ketadi", - tan oladi Hammann xonim. 

Vagner eri va o‘g‘illariga zo‘ravonlik hamda birinchi farzandi to‘g‘risida hech qachon gapirmagan. Uning turmush o‘rtog‘i 2006 yilda vafot etgan. Biroq Doriyenning qo‘ng‘irog‘idan keyin u o‘g‘illariga o‘z o‘tmishi haqida so‘zlab berdi.

"Men bu kunni ko‘rishimga ishonmagandim", - deya o‘z hissiyotlari bilan bo‘lishdi Vagner.

May oyida nishonlanadigan Onalar kunini bu ikki ayol birga o‘tkazishdi. Shuningdek Eylin Doriyenni 30 mayda bo‘lib o‘tadigan 100 yillik yubileyiga taklif qildi. Hammann tug‘ilgan kun munosabati bilan uyushtiriladigan ziyofatga eri, o‘g‘li, kelini va nevaralari bilan tashrif buyuradi.

Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.