GE va «O‘zbekneftgaz» O‘zbekistonda energetika hamda neft-gaz sohalarini rivojlantirishdagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi
18-20 may kunlari «O‘zekspomarkaz»da o‘tkazilgan «O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2016» yigirmanchi xalqaro ko‘rgazmasi doirasida «O‘zbekneftgaz» MXK (Milliy xolding kompaniyasi) va AQShning General Electric (GE) ko‘p tarmoqli korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Bu hujjat O‘zbekistonda neft-gaz sohasini rivojlantirish maqsadida samarali texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi. Memorandum General Electric korporatsiyasining Markaziy Osiyo bo‘limi ijrochi direktori Bela Ferentsi hamda «O‘zbekneftgaz» MXK boshqaruv kengashi raisi Alisher Sultonov tomonidan imzolangan. Bu haqda GE matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Hujjatga ko‘ra, tomonlar neft va gazni qayta ishlash sohasida GE Oregen™ texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha hamkorlik qilishadi. Shuningdek, bunday turdagi texnologiyalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. General Electric va «O‘zbekneftgaz» MXK Italiyaning Florentsiya shahridagi GE Oil & Gas universitetida o‘zbekistonlik mutaxassislarning tayyorgarlikdan o‘tkazilishi bo‘yicha loyiha ham yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro ko‘rgazmada neft va gaz qazib olish (texnologiyalar va uskunalar), neft va gaz quduqlari: qurish va foydalanish, neft va gazni qayta ishlash, saqlash va tashish, neft kimyosi, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, neft va gaz sanoati inshootlarini loyihalashtirish va barpo etish, geologiya, geofizika, seysmik uskunalar va xizmatlar, quvurlar, gaz turbinalari, ixtisoslashtirilgan materiallar va uskunalar, nazorat-o‘lchov asboblari, texnika xavfsizligi hamda yong‘indan himoya, ekologik xavfsizlik, muqobil energetika, sanoat avtomatizatsiyasi, xizmatlar, aloqa va telekommunikatsiyalar kabi bo‘limlar ishladi.
Neft-gaz forumi doirasida «O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i: texnologiyalar, investitsiyalar va taraqqiyot» mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston neft-gaz sanoatining bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari, uglevodorod bazasini kengaytirish omillari, sohadagi yangi tendensiyalar, O‘zbekiston neft-gaz sohasining sarmoyaviy salohiyati, bu boradagi xalqaro hamkorlik, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish usullari kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Unda GE mutaxassislari o‘z hisobotlari bilan chiqishlar qilishdi.