Jahon | 09:57 / 26.05.2016
7441
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyalik dengizchilar muhojirlar qayig‘i ag‘darilishi jarayonini videoga olishdi

Italiya harbiy-dengiz kuchlari O‘rta Yer dengizi hududida muhojirlar bilan to‘lgan qayiqning ag‘darilib ketishiga guvoh bo‘lishdi va undagi kishilarni qutqarib qolishdi. Bu jarayoni videoga muhrlangan.

Italiya floti vakillari 562 kishining hayotini saqlab qolgan.

Videoda qayiq bir tomonga og‘ib ketgani, undagi yo‘lovchilar qayiqning ikkinchi tomoniga to‘planishganini ko‘rish mumkin. Hududdan 5 kishining jasadi topilgan.

"Bettika" nomli Italiya nazoratchi kemasidan suvdagi odamlarga qutqaruv nimchalari tashlangan va ular kemaga tortib olingan.

Shu kuni dengizning boshqa hududida boshqa bir nazoratchi kema 108 nafar muhojirni cho‘kib ketishdan qutqargandi.

Keyingi kunlarda O‘rta Yer dengizi hududidagi maxsus kemalar Yevropaga noqonuniy yo‘l bilan yetib olish maqsadida qayiqlarda yo‘lga chiqqan jami 6000 nafardan ortiq muhojirni qutqarib qolgan.

Turkiya va YeI o‘rtasida muhojirlarni Yevropa hududiga o‘tkazmaslik bo‘yicha kelishuv kuchga kirganidan keyin Liviyadan Italiyaga yo‘nalishda muhojirlar oqimi keskin ortdi. Bundan avval asosiy yo‘nalish Egey dengizi orqali Gretsiyaga o‘tish hisoblanardi.