OAV: Vetnam AQShdan F-16 va ayg‘oqchi samolyotlar xarid qilmoqchi
Vetnam hukumati, AQShning F-16 rusumli qiruvchi-bombardimonchi hamda P-3C Orion dengiz razvedkasi samolyotlarini xarid qilishdan manfaatdordir. Bu haqda 25 may kuni Defense News sayti AQSh harbiy sanoatidagi manbasiga tayangan holda xabar qilgan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, gap Pentagon tomonidan ortiqcha deb topilgan va foydalanilgan F-16 qiruvchisi, ta'mirlangan P-3C Orion samolyoti va ularning torpedolari haqida bormoqda.
Bundan tashqari, Vetnam AQShdan dengiz ustida kuzatuv va razvedka parvozlarini amalga oshirish uchun uchuvchisiz parvoz qiladigan apparatlarni ham so‘rashi mumkinligi habar qilinmoqda.
Defense News haftaligi, shuningdek, Avstraliya mudofaa kuchlari akademiyasi professori Karl Teyyerning so‘zlarini ham keltirgan. Uning taxminlariga ko‘ra, odatda Rossiya harbiy texnikalarini xarid qiluvchi rasmiy Xanoy, AQShning qimmat harbiy uskunalarini xarid qilmasligi aniq.
"Vetnamning buning uchun mablag‘i yetarli emas", - degan fikrni bildirgan harbiy ekspert.
Ushbu haftada, AQSh ma'muriyati Vetnamga qurol-yarog‘lar sotishga joriy qilgan ko‘pyillik taqiqini bekor qilgan edi. Rasmiy Vashingtonning qarori haqida, AQSh prezidenti Barak Obama Vetnamga uyushtirgan safari chog‘ida ma'lum qilgandi.