Jahon | 17:56 / 26.05.2016
7107
2 daqiqa o‘qiladi

Politsiya tomonidan tuhmatga qolgan haydovchining huquqlari qayta tiklandi

Rossiyaning Volgograd viloyat prokuraturasi YPX xodimlari tomonidan tomonidan mast holatda avtoulov boshqarganlikda ayblangan haydovchining avtomobil boshqarish huquqini qayta tiklab berdi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Manba keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, Volgograd viloyatining Krasnooktabrsk tumanida yashovchi fuqaro prokuraturaga politsiya xodimlari ustidan arz qilib kelgan. Arz qiluvchi erkakning ko‘rsatma berishicha, uni mast holatda avtoulov boshqarganlikda ayblashgan va haydovchilik guvohnomasidan mahrum etmoqchi bo‘lishgan.

Prokuratura xodimlarining aniqlashicha, jabrlanuvchi uyda o‘tirgan payt, uning mashinasiga boshqa bir mashina ziyon yetkazadi. Buni o‘z uyidan kuzatib turgan uy egasi politsiya xodimlarini chaqiradi. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya undan mashinasini kengroq joyga olib o‘tishini so‘raydi. U mashinaga o‘tirishdan oldin kecha ozgina spirtli ichimlik ichganligini aytadi.

Shundan keyin politsiya xodimlari uni spirtli ichimlik ichgan holatda avtoulov boshqarganlikda ayblab, mashinasini jarima maydoniga olib ketishadi.

Viloyat prokuraturasi olib borgan surishtiruv natijasida jabrlanuvchining huquqlari qayta tiklandi va unga nisbatan ochilgan ish to‘xtatildi.