Barun Sobtining rafiqasi uni prodyuser qizdan rashk qildi
Bir oz avval saytimiz orqali yurtdoshlarimizga “Muhabbat tafti” seriali orqali tanish bo‘lgan bosh obraz ijrochisi Barun Sobtining O‘zbekistonga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Barunning ashaddiy muxlislari bilan kechgan uchrashuvlari katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda batafsil yoritgan shov-shuv sayti Barun Sobtining tashrifiga sababchi bo‘lgan qiz – prodyuser, “To‘ylar muborak” loyihasi muallifi Dildora Zaynutdinova bilan bo‘lib o‘tgan ochiq-oydin suhbatni taqdim etdi.
Suhbat davomida “To‘ylar muborak” festivalida Barun Sobti bilan hamohang liboslarda ko‘rinish berganingizdan keyin ko‘pchilikda bir fikr uyg‘ondi. Go‘yoki, uni sevib qolgansiz”, degan savolga Dildora Zaynutdinova kulib, “Maylimi, bu savolingizga keyinroq javob beraman! Tadbirga birga kirib kelganimizda, tomoshabinlarning “Arnav xotini bilan kelibdi”, degan gap-so‘zlar mening ham qulog‘imga chalindi”, deya javob bergan.
Shuningdek, suhbat davomida Dildora Zaynutdinova Barun Sobtiga odatdagidek zarchapon kiydirishni lozim topmaganliklari, mehmon uchun maxsus tarzda beqasamning yashil rangini tanlab, chopon tiktirgani, aktyorni muxlislarga Arnav qiyofasida ko‘rsatishin istaganliklari haqida aytib o‘tgan.
Barunning xarakteridagi qaysi jihatlar yoqimli taassurot qoldirgani haqidagi savolga esa prodyuser uning “kamtar, oddiy oiladan chiqqanligi, barcha shartlarga ko‘nib, nolimagani, uni onaxonlar rosa duo qilgani, xarakteri o‘zbek erkaklarnikiga o‘xshab ketishi haqida ta'kidlagan.
“Rafiqasi sizdan rashk qilmadimi?”, degan qiziq savolga esa: “Rashk qildi. Oooo, rashk qilganda ham qandoq?! Nazarimda, moda namoyishida Sobti bilan birga tushgan suratlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketganidan oz fursat o‘tmay, rafiqasi har soatda telefon qila boshladi. U ancha vaqt nimalarnidir tushuntirdi”, deya javob bergan.
Suhbat davomida ma'lum bo‘lishicha, Barun Sobti va Dildora Zaynutdinova Rejissyor Ozod Shamsning “Sevadi yo sevmaydi” filmida epizod rolda suratga tushib, film avgust oyida muxlislarga taqdim etilishi mo‘ljallangan.
Jurnalist birinchi qiziq savoliga izoh talab qilganida esa prodyuser Dildora Zaynutdinova Barunning sevishga arzigulik insonligini ta'kidlagan.
Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.