Tim Kuk XVII asrdagi suratlardan birida iPhone chizilganini gapirib berdi
Yaqinda Amsterdamda o‘tgan tadbirda Apple rahbari Tim Kuk 17-asrda chizilgan suratlardan birida iPhone tasvirini ko‘rganligini aytib, xazillashdi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.
«Men iPhone qachon ixtiro qilinganligini yaxshi bilaman. Ammo bir safar do‘stlarimdan biri meni bir joyga boshlab bordi va biz u yerda Rembrandt qalamiga mansub suratlardan birini tomosha qildik. Suratdagi bir tasvirni ko‘rib hayron bo‘ldim. Chunki u yerda iPhone’ning tasviri tushirilgan edi», — dedi Kuk.
Aslida Kuk gapirayotgan surat Rembrandt qalamiga mansub emas, u 17-asrda ijod qilgan gollandiyalik rassom Piter de Xox tomonidan chizilgan. 1670 yilda chizilgan ushbu surat “Erkak xonada o‘tirgan ayolga maktub olib kelyapti” deb nomlanadi. Suratdagi erkak maktubni shunday ushlab olganki, uning bosh barmog‘i iPhone smartfonidagi Home tugmasi joylashgan joyga to‘g‘ri keladi.