14:21 / 26.05.2016
8235

Toshkent shahar imom-xatiblari va otinoyilarning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi

24 may kuni Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida Toshkent shahar imom-xatiblarining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati hamda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov ishtirok etdi.

Yig‘ilishga raislik qilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etib, bu oyni ko‘tarinki ruh, o‘zgacha tarovat bilan o‘tkazilishida imom-xatiblardan katta jonbozlik talab etilishini aytib o‘tdi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston musulmonlari idorasining masjidlarda Ramazon oyini munosib tarzda kutib olish, o‘tkazish va masjidlarda tayyorgarlik ishlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘i o‘qib eshittirilib, mazkur buyruq ijrosi bo‘yicha kelib chiqadigan vazifalar muhokama etildi. Jumladan, 4 iyun kuni masjidlarda hashar uyushtirilib, tarovih namozlariga tayyorgarlik ishlarini oxiriga yetkazish belgilandi. Masjidlarda tarovih namozlarida musulmonlarga qulay sharoitlar yaratish, ularning xavfsizligini ta'minlash masalalari aniqlandi. 

Kunning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun ham yig‘ilish o‘tkazildi. Unda otinoyilarning muborak Ramazon oyidagi tadbirlari rejasi belgilandi. Diniy soha vakilalarining bu muqaddas oyda xotin-qizlar o‘rtasida Ramazon oyi fazilatlari, joylardagi marosim, iftorliklarda isrofgarchiliklar oldini olishga qaratilgan suhbatlar o‘tkazishlari, shuningdek, bu oydagi ezgulik, mehr-muruvvat ishlarini to‘g‘ri va oqilona tashkil etishlari, har qanday saxovat ishlarini haqdor kishilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga ko‘rsatilishiga targ‘ib etishlari lozimligi uqtirildi. 

Top