O‘zbekistonda 26 mayda kitob bayrami boshlandi
O‘zbekistonda 26 may kuni «Adabiyotga e'tibor – ma'naviyatga, kelajakka e'tibor» shiori ostida respublika “Kitob bayrami” boshlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbir Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori O.Yunusov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston xalq shoirlari S.Sayyid, M.Toyir, O‘zbekiston xalq artisti E.Komilov va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida bog‘ sahnasida taniqli san'atkorlar, yosh ijrochilar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Respublika yosh tomoshabinlar, Qo‘g‘irchoq teatrlari jamoalari o‘z dasturlarini taqdim etmoqda.
Yosh rassomlarning kitob grafikasi va miniatyura janridagi asarlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Yosh ijodkorlar mushoirasi, o‘quvchilar va talabalarning sahna ko‘rinishlari barchaga manzur bo‘ldi. Kitob savdo-yarmarkasi yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir doirasida «Kitob – millatning bebaho ma'naviy va madaniy merosi» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etiladi. «Yilning eng yaxshi kitobi», «Namunaviy kitob do‘koni» respublika ko‘rik-tanlovlari natijalari e'lon qilinadi.