17:51 / 27.05.2016
51681

Bugun Instagramda: sana'tkorlarga hujum qilayotgan soxta “Asal Shodiyeva”, Rayhonning xolaga aylanishi, London ko‘chalaridagi Sevara Nazarxon

Joriy haftada ham o‘zbek shou-biznesi olami vakillari o‘z hayotlaridan yuz bergan yangiliklar va hodisalar bilan muxlislarni tanishtirib borishda davom etdi.

Shohruxxonning to‘yi navbatdagi “piar” emasligini Dilfuza Ismoilova ham tasdiqladi.

Xonanda Shohruxxonning aktrisa Asal Shodiyevaga uylanayotgani bilan bog‘liq tarqalgan mish-mishlar ko‘p marotaba yolg‘on bo‘lib chiqqanligi bois, deyarli hech kim bunday xabarlarga ishonmay qo‘ygandi. Ammo har ikki san'atkor birgalikda tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida joylashtirib borishdan erinmadi. Kun.uz sayti orqali ham Shohruxxonning to‘yi sanasi ma'lum bo‘lgani haqida xabar berilgandi. 

Shohruxxonning konsertda Asal Shodiyeva bilan birgalikda sahnada duet kuylashi va xonandaning aktrisaga yurakcha shaklidagi yostiqchani hadya etishi ham to‘y haqidagi tarqalgan xabarlarning rostligidan dalolat berdi.

Kuni kecha “Toshkentning sho‘x qizi” - Dilfuza Ismoilova ham instagramdagi sahifasida Shohruxxonning to‘yi taklifnomasini joylashtirib, xonandaga baxt tiladi.  

U to‘y marosimi 2016 yilning 5 iyunida bo‘lib o‘tishini tasdiqladi. 


Soxta “Asal Shodiyeva” endi Nargiza Salmonovaga xujum uyushtirdi

Asal Shodiyevaning instagramdagi sahifasini o‘zlashtirgan soxta “Asal Shodiyeva” Akbarxo‘ja, So‘g‘diyona Azimova, Manzura, Dilnoza Kubayeva va boshqa ko‘plab san'atkorlarga xujum qilishda davom etmoqda. Uning galdagi "o‘ljasi" Nargiza Salmonova bo‘lib, protoday.uz sayti xabariga ko‘ra aktrisaning akkaunti buzib kirilgan. Xujum uyushtirayotgan xaker barcha san'atkorlar bilan Asal Shodiyevaning nomidan foydalangan holda muloqot qilmoqda. 

Qiyofasini o‘zgartirgan san'atkor Natali Portmanga qiyoslandi

Munisa Rizayevaning instagramdagi sahifasida joylashtiragn videolavhasi ko‘plab muxlislarni lol qoldirdi. Sababi, qiyofasini o‘zgartirib, videolavhada namoyon bo‘lgan xonandani tanib olish bir oz mushkul kechadi. 

Ushbu videolavhada xonanda o‘zining navbatdagi yangi “Lol qolaman” qo‘shig‘idan parcha kuylagan. Munisaning hazil aralash, muxlislar  ko‘nglini ko‘tarish maqsadida joylashtirgan videolavhasi muxlislarga unchalik manzur bo‘lmaganini yozib qoldirilgan izolardan bilib olish mumkin.

Ayrim muxlislar Munisani “Qora qush” filmida bosh rolni ijro etgan aktrisa Natali Portmanga o‘xshatgan.  

Rayhonning singlisi qiz farzand ko‘rdi

Xonanda Rayhonning singlisi Nasiba Shokirova qiz farzandli bo‘ldi. Bu haqda Nasibaning o‘zi instagramdagi sahifasi orqali xabar qildi. O‘z sahifasida qiz tug‘ilganligi ma'nosini anglatuvchi suratni joylashtirgan Nasiba surat ostiga:

- Hayotda ko‘p narsalar haqida unutaman. Ammo bu tunda aytilgan - “Tabriklaymiz! Qara, bu sening qizing” degan tabrikni bir umrga eslab qolaman, deya izoh qoldirgan. 

Sevara qizi Imon Anvar bilan London ko‘chalarini kezmoqda 

Sevara Nazarxon yaqinda dunyoga kelgan qizalog‘i Imon Anvar bilan London shahri ko‘chalarini sayr qilmoqda. Sayr jarayonidagi suratni sahifasiga joylashtirgan Sevara shunday izohlarni yozib qoldirgan.

“8 yil avval birinchi o‘g‘lim tug‘ilib, u allaqachon jajji sayohatchiga aylandi. Endi navbat uning singlisiga bo‘lib, uning  davramizga kelib qo‘shilishi bizning quvonchimizga sabab bo‘ldi! Ikki kundan so‘ng biz 1 oylik bo‘lamiz. O‘zingga shukr!”

Rayhon G‘aniyeva esa singlisini tabriklab, o‘z instagramdagi sahifasida shunday izoh qoldirdi:

Rayhon  G‘aniyeva: "Mani jonim, seni ona bo‘lganliging bilan chin dildan tabriklayman. Alloh sen va bizning jajji malikamizga sog‘lik va baxt bersin. Cheksiz yaxshi ko‘raman".

Top