Jamiyat | 17:48 / 27.05.2016
9334
2 daqiqa o‘qiladi

Minglab asalarilar ikki kun davomida Mitsubishi'ni ta'qib qilishdi

Buyuk Britaniyada asalarilar galasi ikki kun davomida qirolicha-ari qolib ketgan avtomobilni ta'qib etdi, deb xabar berdi The Telegraph.

Portalning ma'lumotlariga ko‘ra, Mitsubishi Outlander avtomobili sohibasi Haverfordvest (Uels) shahri markazida mashinasini qoldirib, xaridga otlangan. Shu payt o‘sha yerdan o‘tib ketayotgan kishi mashina yukxonasini minglab asalarilar qoplab olganini ko‘rib qolgan. U asalarilar va atrofdagi kishilar haqida qayg‘urib, tezda yetib kelgan asalari mutaxassislariga qo‘ng‘iroq qildi. 

Avtomobilni ko‘zdan kechirgan ekspertlar mashinaning qayeridadir qirolicha-arining yashirinib yotganini taxmin qilishdi. Biroq uni topa olishmadi, shu bois kuzovdan barcha asalarilarni yig‘ib, olib ketishdi.

Xaridlarini tugatib qaytgan mashina sohibasi hammasi joyida bo‘lgani uchun mashinaga o‘tirib uyiga ketdi. Biroq ertasi kuni asalarilar yana mashinani egallab olishdi, ayol mutaxassislarni chaqirishga majbur bo‘ldi. Bu safar ular avtomobil tomiga o‘rnatilgan qirolicha va uning mulozimlarini maxsus qutiga joylashtirishga harakat qilib ko‘rishdi.

Operatsiya muvaffaqiyatli yakun topdi. Arilar chaqib tashlagan asalarichilar jamoasi hisobiga ko‘ra, gala taxminan 20 ming asalaridan iborat bo‘lgan.