YUNISEF vakolatxonasi rahbari Toshkentdagi missiyasini yakunlamoqda
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 27 may kuni mamlakatimizdagi missiyasini yakunlayotgan BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) Vakolatxonasi rahbari Robert Fyuderichni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va YuNISEF o‘rtasidagi munosabatlar holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi hamda aloqalarning konstruktiv va o‘zaro manfaatli tusga ega ekanligi qayd etildi.
Suhbat chog‘ida 16 aprelda imzolangan 2016-2020 yillarda YuNISEFning Mamlakatimizga oid hamkorlik dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishidan tomonlar manfaatdor ekanligi bildirildi.
YuNISEF vakolatxonasi rahbariga hamkorlikning turli sohalaridagi amaliy masalalarni hal etishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorchilik bildirildi.
Robert Fyuderich YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga 2013 yil kuzidan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi. Ungacha YUNISEFning Yamaykadagi vakolatxonasini boshqargan (biografiya).