O‘zbekiston | 12:15 / 27.05.2016
13803
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” do‘stlik va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi

Jizzaxda O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi hamda Sog‘lom ona va bola yiliga bag‘ishlab “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” do‘stlik va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal madaniyat markazi, Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.  

Jizzax viloyatida bugungi kunda qirqqa yaqin millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. Ular o‘z urf-odat va rasm-rusumlarini to‘liq ado etishi, milliy an'ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, rivojlantirishi  uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Tadbir doirasida Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika institutida, shuningdek, Paxtakor, Arnasoy va Yangiobod tumanlarida “Milliy va diniy bag‘rikenglik – barqarorlik omili”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda“ mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi.   “Sog‘lom avlod tarbiyasida millatlararo totuvlikning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar hamda “Biz – sening farzandlaringmiz, O‘zbekiston!”, “Sog‘lom ona, sog‘lom bola – millat baxti” nomli ko‘rgazmalar tashkil etildi. Unda turli millatlar madaniyati va san'ati namunalari, hunarmandlik mahsulotlari, milliy liboslari  namoyish etildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish