Jahon | 11:08 / 28.05.2016
21359
2 daqiqa o‘qiladi

Putin: Rossiya Turkiya bilan munosabatlarni qayta tiklashni xohlaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bayonot berishicha, Rossiya Su-24 samolyoti bilan yuz bergan fojiali hodisaga qaramay, Turkiya bilan munosabatlarni tiklashni xohlaydi, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti» agentligi.

Putinning qayd etishicha, Rossiya Suriyada armiya emas, balki terroristik tuzilmalarga qarshi kurashmoqda. 

«Shu boisdan ham, turk qiruvchisi bizning bombardimonchi samolyotimizga hujum qilishini xayolimizga ham keltirmaganmiz. Biz Turkiya yoxud Turkiya harbiy kuchlari bilan urushmoqchi emasdik. Aks holda, biz boshqa vositalar bilan, boshqacha urushardik. O‘ylaymanki, bungacha bormaydi», — degan prezident Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Turkiyaning uzr so‘ragani va tovon to‘lashi haqidagi bayonotini eshitgani yo‘q. 

«Biz munosabatlarni tiklash xohishi xususida ko‘p eshitayapmiz. Biz ham buni xohlaymiz. Ammo uni biz buzganimiz yo‘q. Nima uchun bunday qilindi, hozirgacha o‘yimni oxiriga yetolmayman», — deb qo‘shimcha qilgan Rossiya rahbari. 

Prezident, shuningdek, rasmiy Anqara munosabatlarni tiklash to‘g‘risida gapirar ekan, amaliy chora ko‘rmayotgani xususida fikr bildirgan.