Jahon | 16:05 / 29.05.2016
7206
2 daqiqa o‘qiladi

KXDRda hukumatni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasi boshlandi

Shimoliy Koreyada «sodiqlik kampaniyasi» nomi ostidagi mamlakat rahbariyatini qo‘llab-quvvatlash tadbirlari boshlandi. Bu haqda «TASS» agentligi «Nodon sinmun» gazetasiga tayanib xabar bergan.

Kampaniyani o‘tkazishdan maqsad navbatdagi 5 yillik iqtisodiy rejani bajarishga chaqirish hisoblanadi.

Bu kapmpaniya o‘tkazilishi bo‘yicha tegishli qaror Pxenyanda 26—28 may kunlari bo‘lib o‘tgan vazirlar, turli partiya, davlat, iqtisodiy va harbiy muassasalar, shuningdek, jamoatchilik tashkilotlari vakillari ishtirokidagi konferensiyada qabul qilingan.

Konferentsiyada bosh vazir Pak Bon Dyu so‘zga chiqib, «KXDR iqtisodiy taraqqiyotining besh yillik strategiyasini  amalga oshirish uchun mamlakatda 200 kunlik sodiqlik kampaniyasini o‘tkazish» qarori haqida e'lon qilgan.

KNDR fuqarolari aynan qay yo‘sinda hukumatga sodiqligini ko‘rsatishi kerakligiga aniqlik kiritilmagan.

Shunga o‘xshash aksiya may oyi boshida yakunlangandi.

Bunday tadbirlar rasmiy Pxenyanning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari yomonlashuvi fonida o‘tkazilmoqda.

Joriy yil boshida Shimoliy Koreya vodorod bombasi sinovi va kosmosga sun'iy yo‘ldosh uchirilishi muvaffaqiyatli kechgani haqida e'lon qildi.

Bunga javoban BMT Xavfsizlik kengashi shimollik koreyslarga qarshi sanksiyalarni qat'iylashtirishga qaror qildi.