Sport | 10:52 / 29.05.2016
6457
2 daqiqa o‘qiladi

No‘'mon Hasanov «Neftchi»ga qarshi mag‘lubiyatdan keyin «Paxtakor» bosh murabbiyligidan iste'foga chiqdi

28 may kuni Oliy Liganing 10-turi doirasida «Neftchi»ga qarshi kechgan uchrashuvda 1 kishi ko‘p bo‘la turib, o‘z maydonida 1:2 hisobida qayd etilgan mag‘lubiyatidan keyin No‘'mon Hasanov «Paxtakor» bosh murabbiyligidan ketdi. Bu uning boshqaruvidagi jamoaning qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashi edi.

«Neftchi» bilan uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan keyin No‘'mon Hasanov iste'foga chiqish haqida ariza bilan klub rahbariyatiga murojaat qildi. Uning bu murojaati qondirildi va Hasanov «Paxtakor» bosh murabbiyligidan ozod etildi. Endilikda jamoaga bosh murabbiy vazifasini uzoq yillardan beri murabbiylar shtabida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Grigoriy Kolosovskiy bajaradi. Biz Hasanovga klubda amalga oshirgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirib, Kolosovskiyga faoliyatida omad tilab qolamiz», deyilgan jamoa rasmiy sayti xabarida.

Joriy mavsumda ushbu murabbiy boshchiligida «Paxtakor» Osiyo Chempionlar Ligasining guruh bosqichidan o‘ta olmadi. Qolaversa, jamoa Oliy Liganing mavsumdagi 10ta o‘yinidan 6 tasida ochko yo‘qotdi va ayni vaqtda 15 ochko bilan oltinchi o‘rinda joylashgan.

Shuningdek, «Paxtakor» O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalida «Buxoro»ga har ikki uchrashuvda ham imkoniyatni boy berdi va turnirni muddatidan ancha ilgari tark etdi.